Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti poliomiyelit, ya'ni shol kasalligini yo'q qilish uchun uzoq yillardan beri qattiq kurash olib boradi. Bugun dunyo bo'ylab bemorlar soni 10-20 million orasida, asosan Osiyo va Afrika mamlakatlarida. BMTga ko'ra, kasallik ildiziga bolta urish uchun yana 1 milliard dollar kerak. Yirik kompaniya va donorlardan umid katta.
Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti yaqinda Jenevada yillik anjumanini o’tkazdi. Shol kasalligini tamoman yo’q qilish uchun ilmiy imkoniyatlar yetarli, deydi mutaxassislar, ammo zarur chora-tadbirlar ko’rish uchun qo’shimcha mablag’ kerak.
Markaziy Osiyoda Tojikiston falaj ko'lami bo'yicha birinchi o'rinda. 2010-yilda 458 holat qayd etilgan.
Bolalarni yoppasiga emlash natijasida dunyoning ko’plab mamlakatlaridan bu kasallik butunlay yo’qolib ketdi. Lekin vaksina yetishmagan jamiyatlarda shol hali ham ko’p uchraydigan holat. Diqqat hozir ko’proq vaksina ishlab chiqarish va uni jahonning eng olis nuqtalariga yetkaza olishda.
"24 yil ter to’kdik buning uchun. Sog’liqni saqlash sohasida loqaydlikka o’rin yo’q. E’tiborsizlik jamiyatga juda qimmatga tushishi mumkin. Imkoniyatni boy bersangiz, birvarakayiga 50 davlatda shol tarqala boshlashi hech gap emas”,- deydi Orin Levin, vaksina ta’minoti va foydasi ustida ish olib boradigan xalqaro markaz rahbari.
Mahsulotga talab katta ekan, deydi u, nega davlatlar buyurtma bermayapti? Nega bu masala eng muhim o’ringa chiqmagan? Favqulodda ko’rib chiqilishi kerak bo’lgan muammo bu, deydi ekspert.
“Mablag’ topish yo’llarini izlash kerak. Xususiy sektordan yordam so’rab, targ’ibot ishlarini kuchaytirish, tibbiy xodimlar malakasini oshirish, eng xavfli va muammoli joylarga ham vaksina yetkazib, emlash ishlarini jadallashtirish darkor”,- deydi Levin.
BMT katta loyihalarga odatda yirik bizneslardan moliya oladi. Sog’liqni saqlash sohasida, xususan, yuqumli va xavfli kasalliklarga qarshi kurashda global maydonda faoliyat yuritadigan kompaniyalarning roli katta.