AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo roppa-rosa bir oy oldin Afrikaning Senegal, Angola va Efiopiya mamlakatlariga borganida mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashib, AQSh Afrika bilan biznes yuritishga tayyor ekanini aytgan edi. Pompeo Xitoyni tilga olmagan bo’lsa-da, bu davlatlarni avtoritar mamlakatlar bilan ish qilmaslikka chaqirib, Pekinga ishora qilgan.
“Ular korrupsiya va tobelikni keltirib chiqaradi. Mahalliy odamlarni ishga yollashmaydi, ularga hunar o’rgatishmaydi, ular bilan ishlashmaydi. Bunday davlatlar harakatlari natijasida Afrikaga juda zarur bo’lgan farovonlik, suverenitet va taraqqiyotga erishilmaydi”, - degan edi Pompeo.
Xitoy savdo va tijorat bobida so’nggi 10 yildan beri Afrikaning yetakchi hamkoridir. AQSh bu borada oqsamoqda, deydi eskpertlar.
“Xitoy qarmoqni uzun tashlab qo’ygan. Dunyo bo’ylab iqtisodiy ta’sirini aniq rejaga ko’ra qo’llab kelyapti. Amerika esa ko’plab ichki muammolari bilan band”, - deydi “Amerika taraqqiyot markazi” ilmiy maskanidan Brayan Katulis.
“Afrikaga gumanitar yordamning eng katta qismini AQSh yo’llaydi. Qit’ada ko’plab qo’shma harbiy mashg’ulotlar o’tkaziladi, aksilterror amaliyotlar olib boriladi va Afrika mamlakatlari buni olqishlaydi. Ta’sirimiz yo’q demayman, ammo Xitoy o’nlab yillar davomida muayyan strategiyaga muvofiq ish ko’ryapti, uni o’ta intizomli ravishda amalga oshirmoqda va bu strategiya natija beryapti”, - deydi yana bir vashingtonlik tahlilchi Joshua Meservi.
Biroq boshqa ekspertlar nazarida, Pompeoning Afrikaga safari qit’a mamlakatlariga AQSh mintaqani muhim biznes va xavfsizlik bobida strategik hamkor sifatida ko’rishini ko’rsatdi.
“AQSh rasmiysi qit’aga u yerdagi biror kasallik yoki urush sabab borgani yo’q”, - deydi “Global taraqqiyot markazi”dan Gyud Mur.
Unga ko’ra, AQSh diplomatik harakatlarini faollashtirib, yetakchi rasmiylar Afrikaga tez-tez borib turishi kerak. Masalan, Xitoy tashqi ishlar vaziri, deydi Mur, mintaqaga har yili boradi.