Pompeo Osiyo va Avstraliyaga yo'l oldi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Janubi-sharqiy Osiyo, Avstraliya va Mikroneziyaga yo’l olmoqda. Shu hafta Tailandda ASEAN tashkilotining sammiti bo’lib o’tadi. Pompeo anjuman doirasida Shimoliy Koreya rasmiylari bilan gaplashishi mumkin. AQSh va Xitoy o’rtasidagi ziddiyatlar muhokamasi ham kutilmoqda.

1-avgust kuni Pompeo Tailandda AQSh-ASEAN majlisiga raislik qiladi, Shimoliy Koreya vakillari bilan muloqot ehtimoli bor.

“Bangkokda 1-2 kun bo’laman. Tez orada Shimoliy Koreya bilan ishchi muhokamalar bo’lishiga umid bor”, - dedi u.

AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Morgan Ortagus matbuot brifingida shu mavzuga to’xtaldi.

“Shimoliy Koreya bilan muzokaralarimiz biz uchun dunyodagi eng nozik masalalardan ekanini yaxshi bilasiz. Mavzuni yaqindan kuzatayotgan ittifoqchilarimiz bilan muloqotni davom ettiramiz. Shimoliy Koreya mavzusi bo’ladimi, Xitoy yoki Janubi-sharqiy Osiyodagi boshqa masala”, - dedi Ortagus.

Unga ko’ra, Xitoy Janubiy Xitoy dengizidagi katta hududlarni xalqaro qonunchilikka zid ravishda o’zlashtirgan.

“Xalqaro suvlarda kemalarimiz va samolyotlarimiz xalqaro qonunchilikka ko’ra istalgan yo’nalishda harakatlanadi”, - dedi AQSh rasmiysi.

Bu o’rtada Shanxayda AQSh va Xitoy rasmiylari savdo bo’yicha muzokaralarni jonlantirgan. Prezident Donald Trampning aytishicha, Xitoy Demokratik partiyadan chiqqan prezident bilan ish qilishni afzal ko’rgani uchun muzokaralarni paysalga solmoqda.

“Ular saylovda mag’lub bo’lishimni xohlashadi. Elizabet Uorren yoki “uyquchi” Jo Bayden kabi odamlar bilan ishlashmoqchi. Ana shunda Xitoy mamlakatimizni oxirgi 30 yilda bo’lgani kabi sog’ishda davom etadi”, - dedi Tramp.

Unga ko’ra, agar Xitoy muzokaralarni saylov natijalari ma’lum bo’lgunga qadar cho’zadigan bo’lsa, shartlar o’zgaradi, ancha og’irlashadi.