Pompeo Eron ballistik raketa dasturini cheklashga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo BMTda

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning BMT Xavfsizlik Kengashida aytishicha, Eronning ballistik raketa dasturi 2015-yilda xalqaro bitim imzolanganidan beri rivojlanib bormoqda va buning oldini olish darkor.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 14-dekabr, 2018-yil - Pompeo Eron ballistik raketa dasturini cheklashga chaqirmoqda

Eron atom dasturini cheklashga qaratilgan shartnomada ballistik raketalar tilga olinmagan. Donald Tramp prezidentlikka saylanganidan so’ng bitimdan chiqqan Qo’shma Shtatlar hujjatni yangilab, Eron raketa dasturini cheklashni taklif etmoqda.

Xavfsizlik Kengashining AQShdan tashqari qolgan barcha a’zolari Eron yadro bitimini qo’llab-quvvatlaydi.

“Eron ballistik raketa salohiyatini oshirish uchun mamlakatlar xayrixohligidan foydalandi, Xavfsizlik Kengashining qator rezolyutsiyalari talablaridan bo’yin tovladi. Qo’shma Shtatlar buni qabul qila olmaydi”, - dedi Pompeo.

Uning aytishicha, Eron Yaqin Sharqda eng katta ballistik raketa qudratiga ega, tasarrufida 10 dan ortiq bu kabi tizim bor yoki ishlanmoqda.

Erondagi ayrim raketalar 2000 kilometrgacha ucha oladi, bu Yevropadagi ba’zi mamlakatlarga tahdiddir, deydi Pompeo.

2015-yilgi xalqaro bitim shartlariga ko’ra, Tehron yadro dasturi qisqartiriladi, xalqaro inspektorlarga atom inshootlarini nazorat qilishga imkon yaratiladi. Buning evaziga Eronga qo’yilgan iqtisodiy sanksiyalar bekor qilingan.

Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma Eron kelishuv shartlariga rioya qilayotganini bir necha bor tasdiqlagan. BMT Xavfsizlik Kengashi Eron yadro dasturiga doir bitimni olqishlovchi rezolyutsiya qabul qilib, Tehronni atom qurollarini tashishga qodir ballistik raketalarni yaratmaslikka chaqirgan, ammo man qilmagan.

Pompeo xalqaro hamjamiyatdan chora ko’rishni so’ramoqda.

“Qo’shma Shtatlar kengash a’zolaridan 1929 raqamli rezolyutsiyada bitilgan Eron ballistik raketa cheklovlarini qayta joriy etishni so’ramoqda”, - dedi AQSh davlat kotibi.

Eron rasmiylari yadro dasturi tinch maqsadlarga qaratilganini aytar ekan, AQShning xalqaro bitimdan chiqqanini tanqid qiladi.

“Xavfsizlik Kengashi AQShning BMT Nizomi va xalqaro qonunchilikka zid noqonuniy sanksiyalarini Eronga qarshi yangidan qo’llayotganini qattiq qoralashi kerak”, - deydi Eronning BMTdagi elchisi o’rinbosari Is’hoq Habib.

Vashingtonning Yevropadagi ittifoqchilari xalqaro kelishuvdan chiqmoqchi emas.

“Ushbu bitimni yadro qurollarini tarqatmaslikka doir global mexanizmning muhim bir qismi deb bilamiz. Hujjat mintaqa xavfsizligi, Yevropa xavfsizligining muhim qismidir”, - deydi Germaniyaning BMTdagi elchisi Kristof Xoyzen.

AQShning Eron ballistik raketa dasturini cheklashga qaratilgan harakatlari Xavfsizlik Kengashida natija berishi amri mahol. Rossiya va Xitoy bu boradagi har qanday choragi veto qo’yishi aniq.