Tog’li Qorabog’da qurolli to’qnashuvlar davom etarkan, AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo tomonlarni mojaroga barham berishga chaqirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Yevropadagi har bir davlat kabi Qo’shma Shtatlar ham sulhga erishib, vaziyatni yumshatish kerakligini ta’kidlaydi. Qolgan barcha mamlakatlar mojaroga aralashishdan, taraflarni qurol-yarog’ bilan ta’minlashdan o’zini tiyishi kerak. Shundagina barcha tomonlarga to’g’ri keladigan diplomatik yechim uchun imkoniyat tug’iladi”, - dedi Pompeo.
AQSh davlat kotibi Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlarini juma kuni Vashingtonda u bilan muloqotga da’vat etdi. Oy boshida Rossiya vositachilik qilib, ikki davlat vazirlarini sulhni qabul qilishga majburladi, biroq kelishuv bir necha soat ichida buzildi. Bir necha kundan so’ng e’lon qilingan yangi sulh ham ko’pga yetmadi. Bu gal Vashington omadini sinamoqchi.
Biroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning aytishicha, mojaroga diplomatik yechim yo’q.
"Tog’li Qorabog’ mojarosining hozirgi bosqichida va shu bosqichidan boshlab buning imkoni yo’q”, - dedi u.
Ozarbayjonni bu ixtilofda qo’llab-quvvatlayotgan Turkiyaning bildirishicha, 30 yillik diplomatik harakatlar biror natija bermadi, mintaqada tinchlik qaror topishi uchun Armaniston Tog’li Qorabog’ni Ozarbayonga qaytarishi kerak.
“Armaniston bosib olingan yerlardan chiqib, yollanma jangarilarini ham olib chiqsin. Shundagina mavzu yopiladi. Turkiya Ozarbayjon bilan bu kurashning oxirigacha bo’ladi”, - dedi Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Oqar.
Anqara Ozarbayjon iltimos qilsa, yordam uchun qo’shin yuborishga ham tayyorligini bildirmoqda.
Ozarbayjon rasmiylari Vashingtondagi uchrashuv natija berishiga shubha bilan qaramoqda. Prezident Ilhom Aliyev masalaga harbiy yo’l bilangina nuqta qo’yish mumkin, deydi.