Shimoliy Koreya yadroviy qurolsizlanish va'dasining ustidan chiqyaptimi?

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya mamlakat shimoli-g’arbidagi sohil zonasida joylashgan sun’iy raketani uchirish stansiyasini ishdan chiqarayotgani haqidagi xabarlarni AQSh Prezidenti Donald Tramp olqishladi. Sun’iy yo’ldosh orqali olingan tasvirlar buni tasdiqlamoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 27-iyul, 2018 - Shimoliy Koreya yadroviy qurolsizlanish va'dasining ustidan chiqyaptimi?

Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, bu kabi tadbirlar Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Unning iyun oyida Singapurda Trampga bergan va’dasi bilan hamohangdir.

Pompeo va AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis Kaliforniyada Avstraliya tashqi ishlar va mudofaa vazirlari bilan uchrashib, Shimoliy Koreya yadroviy tahdidi haqida gaplashgan. Pxenyan stansiyasining sun’iy yo’ldosh orqali avval iyun oyida, so’ng iyulda tushirilgan tasvirlarida obyektning yopilayotganini ko’rsa bo’ladi.

“Stansiya butunlay yopilishi bilan inspektorlar u yerga borib buni tasdiqlasin deb kelyapmiz”, - dedi AQSh davlat kotibi.

Shimoliy Koreyaning bundan keyingi qadamlari qanday bo’lishi kerak degan savolga Pompeo quyidagicha javob berdi:

“Bu juda oson. Ular yadro dasturidan butunlay voz kechishi kerak. Shimoliy Koreya raisi shunday va’da bergan, dunyo hamjamiyati ham BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari orqali shunga da’vat etib kelgan”, - dedi Pompeo.

Davlat kotibining chorshanba kuni Senat Tashqi aloqalar qo’mitasida Shimoliy Koreya mavzusida o’tgan tinglovda aytishicha, Shimoliy Koreya yadro quroli dasturidan voz kechishga va’da berganiga qaramay, atom bombalarini tayyorlash uchun zarur yoqilg’ini ishlab chiqishda davom etmoqda.

AQSh qonunchilari xulosa chiqarishga shoshilmaslikka chaqirmoqda.

“Shimoliy Koreya tuzumi bergan va’dalarini bajarish yo’lida ilk to’g’ri qadamlarni qo’ymoqda. Koreya urushida halok bo’lgan amerikaliklarning xokini qaytarishsa ham ijobiy qadam bo’lardi. Yadroviy qurolsizlanishga batamom erishish va jarayonni tasdiqlash mexanizmi va rejasi haqida aniqroq muhokama bo’lsa ham yaxshi bo’lardi”, - dedi demokrat senator Kristofer Kuns.

Kim Chen Un 12-iyun kuni Singapurda Donald Tramp bilan uchrashganida raketa dvigatelini sinovdan o‘tkazish maydonchasi yopiladi, deb va’da bergan edi. Aytish joiz, ikki rahbar imzolagan shartnomada qilinishi kerak bo’lgan ishlar tafsiloti ko’rsatilmagan.