Pompeo Sochida Putin bilan Eron masalasida gaplashdi

  • Amerika Ovozi

Pompeoning Lavrov bilan uchrashuvi paytida

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Rossiyaning Sochi shahrida Prezident Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Tomonlar ikki davlat munosabatlari hamda Eron xususida gaplashdi.

"Prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Putin ko'rsatmasiga ko'ra yaxshi niyatda amalga oshirilayotgan harakatlarimiz ikki tomonlama aloqalarni barqarorlashtirishiga umid qilaman. Munosabatlarni to'g'ri yo'lga qaytarish nafaqat AQSh va Rossiya hamda ikki mamlakat xalqlari, balki butun dunyo uchun ham foydali", - dedi Pompeo uchrashuvdan oldin.

Lavrovning aytishicha, Rossiya Qo’shma Shtatlar Eron bilan ziddiyatni qanday yumshatmoqchi ekanini bilmoqchi. Unga ko’ra, ziddiyatli holatni AQShning o’zi yaratgan.

Bir kun oldin Pompeo Bryusselda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, Eronni tahdid deb atagan, uni muloqot o’rniga tahdidga o’tganlikda ayblagan.

Ittifoq tashqi ishlar vazirasi Federika Mogerinining aytishicha, Yevropa vazirlari 2015-yilda Eron bilan imzolangan xalqaro yadroviy bitim ijrosi va tinchlikni saqlash ular uchun eng muhim masala ekanini aytgan.

“Biz buni Mayk Pompeoga aniq va ravshan yetkazdik. Nozik va qaltis bir zamonda yashayotganimizni, bunday vaziyatda eng to’g’ri va mas’uliyatli yondashuv vazminlik ekanini, harbiy bosimni oshirishdan qochish muhimligini tushuntirdik. Shu bilan birga, Eronni o’z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni ado etishga chaqiramiz, biz ham o’z majburiyatlarimizni bajarishda davom etamiz”, - dedi Mogerini.

AQSh Eronni mintaqada Amerika manfaatlariga qarshi hujumni rejalashda gumon qilarkan, Yaqin Sharqqa harbiy kemalar va samolyotlarini yuborgan.

Xususan, Eron 12-may kuni Birlashgan Arab Amirliklari sohillarida turgan to’rtta kemaga hujumda gumon qilinmoqda.

Neft tankerlaridan ikkitasi Saudiya Arabistoniga, biri amirliklarga tegishli bo’lib, yana biri Norvegiya bayrog’i ostida suzgan.

Voqeani tergov qilgan Amerika mutaxassislari nazarida, kemalarni Eron yoki uning ittifoqchilari portlatgan. Tankerlarda diametri uch metrgacha bo’lgan teshiklar hosil bo’lgan.

Eron parlamenti a’zolaridan biri Behruz Ne’matiy aybni Isroilga yuklagan.

Fujayra porti direktori Musa Murodning aytishicha, qo’poruvchilik harakati natijasida hech kim jabr ko’rmagan, neft suvga to’kilmagan.

O’tgan hafta AQSh Dengizchilik boshqarmasi Eron yoki uning mintaqadagi ittifoqchilari dengizda tijoriy kemalar, jumladan, neft tankerlari yoki AQSh harbiy kemalariga hujum qilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Prezident Donald Trampning aytishicha, agar Eron bunday ishga qo’l ursa, oqibati yomon bo’ladi.