AQSh Davlat kotibi Reks Tillersonning bir yillik faoliyatidan so’ng ishdan olinishi ko’plar uchun kutilmagan voqea bo’lmadi. Tillerson va Prezident Tramp tashqi siyosatga bir xil qaramagan, ba’zi masalalarda qattiq tortishishgan.
Davlat kotibining ishdan ketishi haqida o’tgan yili mish-mishlar yurgan edi, biroq u iste’fosi haqida Afrikaga safaridan bir kun o’tgach “Twitter” orqali xabar topdi.
Tramp yangi davlat kotibi lavozimiga Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Mayk Pompeo nomzodini ko’rsatdi. Sobiq diplomat Tom Kantrimenning aytishicha, Pompeo Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashgani haqida ko’proq ma’lumotga ega.
“Pompeo yangi lavozimida prezidentni bu muammoni nafaqat tan olishga, balki Amerika demokratiyasini bu kabi maxfiy amaliyotlardan himoya qilishga chora ko’rishga ko’ndira oladi degan umiddaman”, - deydi Kantrimen.
Siyosiy tahlilchilarning aytishicha, Pompeo sobiq harbiy, Tramp esa harbiylar bilan yaxshi til topisha oladi.
“Tashqi siyosatimiz bundan keyin kuchliroq bo’ladi, Davlat departamenti Pentagon, razvedka idoralari bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Albatta Pompeoni ashaddiy respublikachi, sobiq kongressmen bo’lgani uchun tanqid ham qilib turishadi”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tahlil markazidan Ariel Koen.
May oyida Prezident Tramp Shimoliy Koreya rahbari bilan uchrashishi mumkin. Eron bilan imzolangan xalqaro bitimdan ham AQSh may oyida chiqishi kutilmoqda. Tillerson va Tramp mana shu ikki mavzuda ham chiqisha olmagan edi.
“Eron yadro dasturini cheklashga qaratilgan bitimdan chiqish Shimoliy Koreya bilan muzokaraga pand berishi mumkin. Chunki Kim Chen Un “oldingi shartnomalarni buza oladigan prezident bilan bitim imzolash mumkinmi” deya o’ylanib qolardi”, - deydi AQSh davlat kotibining sobiq yordamchisi Tom Kantrimen.