Portlend va Sietl shaharlarida namoyishchilar politsiya bilan to'qnashmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning ayrim shtatlarida politsiya zo’ravonligiga qarshi namoyishlar ikki oydan beri davom etarkan, Oregon shtatining Portlend shahrida federal huquq-tartibot organlari agentlari namoyishchilar bilan to’qnashib, bir necha odamni hibsga olgan.

Namoyishchilar mahalliy rasmiylar e’tiroziga qaramay shaharga federal chegara patruli xodimlari safarbar etilganiga norozi bildiryapti.

Namoyishchilarga qarata ko’zni yoshlantiruvchi gaz va karaxt qiluvchi bombalar qo’llangan.

Prezident Donald Tramp shtatlardagi mahalliy rasmiylar va politsiyani namoyishlarga barham berishda ojizlikda ayblab, ayrim shaharlarga federal qo’shinlarni kiritgan.

Portlendning demokrat meri Ted Viler Trampni federal vakolatni suiiste’mol qilayotganlikda ayblab, federal kuchlar aralashuvi aksincha zo’ravonliklarni avj oldirayotganini aytadi.

Portlend politsiyasiga ko’ra, namoyishlar bo’layotgan joy yonidagi bog’da avtomat magazinlari va Molotov kokteyllari to’la xurjun topilgan.

Oregon shtatiga qo’shni Vashington shtatining Sietl shahrida ham politsiya namoyishchilar bilan to’qnashmoqda. O’nlab posbonning jarohat olgani aytilmoqda. Mahalliy rasmiylar namoyishlarni rasman g’alayon deb atadi. 40 dan ortiq odam hibsga olingan.