Prezidentlikka nomzodlar yakshanba Sent-Luisda bahs qiladi

  • Amerika Ovozi

Demokrat Xillari Klinton va respublikachi Donald Tramp Missuri shtati, Sent-Luis shahrida kuch sinashadi. 

Amerikada vitse-prezidentlikka nomzodlar bahsi tugadi-yu, jamoatchilik e'tibori endi prezidentlikka nomzodlarning yakshanba kungi bahsida. Demokrat Xillari Klinton va respublikachi Donald Tramp Missuri shtati, Sent-Luis shahrida kuch sinashadi.

Ayrim ekspertlar nazarida respublikachi Mayk Pens debatda demokrat Tim Keyndan biroz ustun keldi.

Biroq Keyn bir yarim soatlik bahs paytida Trampni bot-bot nishonga olishni uddaladi.

"Hammani haqorat qiladigan odamni prezident qilib saylab bo'ladimi?" - deya so'raydi Keyn. "Gubernator Pens qo'poldan qo'pol Trampni himoya qilayotganiga ishonish qiyin", - deydi u.

Pens esa bu tanqidlarni pisand qilmay, Xillari Klintonga hujum qildi.

"Bugun Suriyadagi falokat tashqi siyosatdagi no'noqlikning mahsulidir. Xillari Klinton ishlagan ma'muriyatning xatosi bu", - dedi respublikachilardan vitse-prezidentlikka nomzod.

Tahlilchi Ostin Xart fikricha, vitse-prezidentlar bahsi jamoatchilik fikrini ko'p ham o'zgartira olmaydi.

Yakshanba kungi prezidentlikka nomzodlar bellashuvi oldidan Tramp Klintonni nishonga olmoqda. U yaqinda zotiljam bilan og'riganini mayna qildi.

"Klinton murakkab muammolarni hal qilishi kerak bo'ladi. Holbuki, mashinaga chiqa olmay gandiraklab yuribdi", - deydi Tramp.

Birinchi debatdan so'ng Klinton Trampdan ildamlab ketdi. Bu galgi bahsda davlatni birdamlikka chorlashi kutilmoqda.

"Amerika bugun buyuk bir davlat. Agar birlashsak, undanda qudratga to'lishimiz aniq", - dedi Klinton.

Yakshanba kungi bahsda nomzodlar saylovchilar bilan to'g'ridan-to'gri savol-javob qiladi.