Ijtimoiy so’rovlar jamoatchilikning so’rov o’tkazilgan paytdagi qarashlarini ifoda etadi. AQShda prezident saylovlariga to’rt oy qolarkan, so’rovlardan saylov kampaniyasining yo’nalishini hamda qo’shimcha ovoz olish uchun nimalar qilish kerakligini bilib olsa bo’ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezidentlikka da’vogarlarning reytinglarida nimalarga e’tibor berish kerak?
AQShda jiddiy ijtimoiy markazlar o’tkazgan siyosiy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Bayden amaldagi rahbar Donald Trampdan umummamlakat reytinglarda va kurash murosasiz kechishi kutilayotgan shtatlardagi so’rovlarda oldinda ketmoqda.
“Prezident ortda qolyapti. Ancha ortda”, - deydi saylovlarni yorituvchi nashr muxbiri Jeykob Rubashkin.
Bayden o’tgan yil sentabrida o’z partiyasidan yagona nomzodlikni qo’lga kiritish uchun kurashayotgan 20 dan ziyod demokrat nomzoddan biri edi.
O’sha paytda o’tkazilgan so’rovlarda ham uning reytingi Trampnikidan 9,5 foizga ko’p edi.
Joriy yil fevralida Tramp Kongressdagi impichment jarayonida unga qo’yilgan ayblovlardan oqlangach reytingi yaxshilana boshladi, ammo keyin koronavirus pandemiyasi boshlanib ketdi. Shundan beri Bayden 9 foizlik ustunlikni saqlab kelmoqda.
“So’rovlardagi raqamlardan asosiy narsalarni bilib olsa bo’ladi. Masalan, nomzodga qancha odam ovoz berishga tayyor ekanini. Saylovga oz vaqt qolgani sari so’rov natijalari haqiqatga yaqinlashib boraveradi”, - deydi Rubashkin.
Saylov mazvusidagi muxbir va tahlilchining aytishicha, ijtimoiy so’rovlar jamoatchilikning muayyan paytdagi qarashlarini ifoda etadi. 3-noyabrgacha biror voqealar yuz berib, saylovchilar fikriga jiddiy ta’sir qilishi mumkin, deydi Rubashkin.
Prezidentlik poygasidagi farq ko’pincha prezident saylovlari bilan bir kunda o’tadigan Senat saylovlariga ham ta’sir qiladi.
“Agar Bayden umummamlakat reytinglarda ancha oldinda bo’lsa, odatda respublikachilarga ovoz beradigan shtatlarda ustunligi kichikroq bo’lishi mumkin. Shu shtatdan Senatga saylanishni ko’zlayotgan demokrat nomzod Baydenga ovoz berayotgan saylovchilar ovozlarini olishga harakat qilishi kerak”, - deydi Rubashkin.
Mutaxassisning aytishicha, so’rovlar ilmiy vosita bo’lib, qanday o’tkazilganini bilsangizgina undan foyda bo’lishi mumkin.
“So’rov ishtirokchilariga birma-bir qo’ng’iroq qilib fikrlarini bilish so’rovlarning oltin standarti hisoblanadi. Ammo ko’p sotsiologlar bunday qilmaydi, chunki jarayon qimmat va ko’p vaqt talab qiladi. Hozirgi so’rovlarning ko’pi andazadan chekingan”, - deydi Rubashkin.
Siyosatshunoslar so’rovda qatnashgan odamlar sonini ham hisobga oladi. Kamroq odam so’ralgan bo’lsa, xato natija ehtimoli yuqori bo’ladi. So’ralganlarning jinsi, irqi, joylashuvi, daromadi, ta’lim darajasi o’rtasida muvozanat ham bo’lishi kerak.
“2016-yil saylovida saylovchilarning ta’lim darajasi ularning kimga ovoz berganini bildiruvchi omil bo’lgan. Kam ma’lumotli saylovchilar Donald Trampga, ma’lumoti yuqori bo’lganlar Xillari Klintonga ovoz bergan. Ko’p so’rovlarda anketalarda ta’limga aloqador savollarga jiddiy e’tibor berilmagani uchun Donald Trampning ayrim kuchli yashirin taraflarini ko’zdan qochirishgan”, - deydi mutaxassis.
Tramp tarafdorlari 2016-yil saylov kampaniyasida ham Tramp so’rovlarda oqsaganiga ishora qiladi. AQShda prezident saylovchilarning mamlakat bo’ylab bergan umumiy ovoziga qarab saylanmaydi. Har bir shtatda berilgan ovozlar alohida hisoblanib, saylovchilar nomidan ovoz berishga vakolatli vakillar g’olibni aniqlaydi.