Nomzodlar saylovchi bilan qanday bog’lanyapti?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Pandemiya AQShda saylov yiliga to’g’ri kelgani prezidentlikka nomzodlar uchun misli ko’rilmagan qiyinchiliklar tug’dirmoqda. Donald Tramp va Jo Bayden strategiyani o’zgartirib, saylovchilar bilan bog’lanish va pul jamg’arish uchun texnologiyaga tayanmoqda.

Pandemiya butun dunyoda hayotni ostin-ustun qilib yubordi. Ko’plab faoliyat turlari, jumladan, siyosiy tashviqot ham internetga ko’chgan.

“Bunaqasi avval bo’lmagan. Tashkilotchilar, ko’ngillilar eshikma-eshik yurib, saylovchilar bilan uchrasha olmaydi. Kampaniyalar boshqa yo’lni izlashga majbur bo’ldi”, - deydi “ACRONYM” nohukumat tashkiloti rahbari Tara Makgovan.

Jo Bayden “Instagram” kanali orqali taniqli shaxslar va influenserlar bilan jonli suhbatlar o’tkazmoqda.

Tramp kampaniyasi mehmonlar, jumladan, Tramp oila a’zolari ishtirokida tok-shou tarzidagi kundalik translyatsiya boshlagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda reklama - saylovchilar bilan bog’lanishning yana bir yo’li. Reklamalarda odamlardan elektron pochta adresi so’raladi.

“Bu adresdan foydalanib, siyosiy kampaniyalar siz haqingizda ko’proq bilib olishadi”, - deydi professor Jennifer Stromer.

Potensial saylovchining yoshi va jinsini bilib olgach, “Facebook”da muayyan demografik ko’rsatkichlar asosida reklamalar beriladi.

“Facebook da katta sonda, muntazam reklamalar berib boramiz. Bu fond bozorida ko’tara savdoga o’xshaydi. Odamlarga manzur bo’lgan reklamalarga qo’shimcha pul tikamiz, yoqmaganini tarmoqdan olib tashlaymiz”, - deydi Tramp kampaniyasi vakili Erin Perrin.

Baydenni quvvatlovchi guruh noan’anaviy platformalarda ham reklama bermoqda.

“Hulu va Roku ilovalarida, shuningdek, Xbox o’yin uskunasida ham saylovchilar bilan bog’lanamiz”, - deydi Makgovan.

Har ikki kampaniyaning o’z ilovasi bor. Tramp ilovasida foydalanuvchilar ball to’plashi mumkin.

Ko’pchilik uchun siyosat – ermak. Potensial saylovchilar raqamli dunyoda ekan, siyosiy kampaniyalarning e’tibori ham o’sha yerda.