"Ozodlik uyi": Dunyo bo’ylab matbuot erkinligi ancha sustlashgan

  • Amerika Ovozi

Matbuot erkinligi jadvali

“Ozodlik uyi” tashkilotining ogohlantirishicha, dunyo bo’ylab matbuot erkinligi ancha sustlashgan, demokratik mamlakatlarda ahvol yomonlashgan. Shimoliy Koreya, O’zbekiston, Turkmaniston, Eron va yana olti mamlakat har doimgidek bu guruhdan eng past baho olgan.

Olti yildan beri urush domidan chiqa olmayotgan Suriyada ham ahvol yaxshi emas.

Xitoyda matbuotni Kommunistik partiya butunlay nazorat qiladi. Biroq AQSh kabi demokratik mamlakatlarda ham vaziyat salbiylashgan, deydi “Ozodlik uyi” vakili Jennifer Durxem.

"Bu bizni xavotirga solmoqda”, - deydi mutaxassis.

Xususan, Prezident Donald Trampning ayrim jurnalistlar va matbuot idoralariga hujumlari tashvish uyg’otmoqda, ammo shunga qaramay, deyiladi yillik hisobotda, AQShda so’z erkinligi institutlarining poydevori kuchli.

"Amerikadagi ahvoldan xavotirdamiz, biroq jiddiy tashvishga hozircha sabab yo’q”, - dedi Danxem.

Unga ko’ra, Trampning matbuotga hujumi avtoritar rahbarlarga o’zini shunday tutishga bahona bo’lmoqda.

"Natijada dunyoning deyarli har chekkasida, jumladan demokratik mamlakatlarda ham matbuotga xurujlar kuzatilyapti", - deydi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotidan Delfin Xalgend.

Bu guruhning matbuot erkinligi jadvalida Qo’shma Shtatlar ikki pog’ona quyiga tushgan.