AQSh matbuoti: arab rahbarlari bezovta

  • Amerika Ovozi

Iordaniyada namoyish

"Vashington Post"ning xabar berishicha, Barak Obama ma'muriyati Yaqin Sharqdagi vaziyatdan xabardor bo'lish uchun mintaqaga yuqori lavozimli rasmiylarni jo'natmoqda.

Xususan, AQSh admirali Mayk Myullen va Davlat kotibi o'rinbosari Uilyam Byorns Iordaniyada bo'lib, qirol Abdulla bilan uchrashgan.

Amerika rasmiylari uni Misrdagi voqealardan saboq olib, xalqni qiynayotgan muammolarni darhol yechishga da'vat etgan.

Siyosiy tahlilchi Labib Kamhaviyning aytishicha, Iordaniyada qirol siyosatidan norozilik kuchli, ammo monarxiyaga qarshi chaqiriqlar yo'q. Muxolifat qirolni tub islohotlarga chaqirmoqda.

So'nggi kunlarda qirol Abdulla asosiy muxolif guruh - arab dunyosida faol "Musulmon birodarlar" bilan uchrashib, muloqot doirasini kengaytirdi.

Tunis va Misr ketidan Yaman, Jazoir va Bahraynda ham namoyishlar kuzatilmoqda.

AQSh ma'murlari Janubiy Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharqdagi ittifoqdosh davlatlar bilan muloqot qilib, Tunis va Misrda demokratik tuzumga o'tish jarayonini ta'minlash haqida gaplashmoqda.

Amerika vitse-prezidenti Jo Bayden Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt va Iroq rahbarlari bilan telefon orqali fikr almashgan.

Misrdagi muxolif guruhlar koalitsiyasi vakili Muhammad al-Barodiyning aytishicha, mamlakatda ahvolni yaxshilash uchun aniq reja bo'lishi kerak, aks holda odamlar yana ko'chaga chiqadi.

BMTning Yaqin Sharqdagi sobiq elchisi Terye Roed-Larsen Misrdagi voqealarni inqilob deya ta'riflashdan bosh tortmoqda.

Uning aytishicha, avtokratik rahbarga kuch-quvvat bergan armiya vakillari o'z joyida qoldi. "O'zgarishlar shunchaki ramziy, kelajak esa mavhum", deydi diplomat.

"Nyu-York Tayms" gazetasining bildirishicha, Tunis va Misrdagi o'zgarishlar progressiv yoshlarning so'nggi ikki yil davomida internetdagi faoliyati mahsulidir.

Arab yoshlari facebook kabi ijtimoiy sahifalar orqali fikr almashib, namoyishlarga puxta tayyorgarlik ko'rgan, barrikada qurib, rezinali o'qdan himoya qilishni, huquq-tartibot organlari nazoratidan panada yurishni muhokama qilgan.

"Misrlik yoshlar Tunisdagi namoyishlardan ruhlandi, biroq Misrdagi voqealar butun jahonga ta'sir qiladi", deydi "6-aprel" deb nomlanuvchi yoshlar harakati a'zolaridan biri.

Bu yoshlarning aytishicha, Misrda g'alayonni uyushtirish uchun bir necha yil vaqt ketdi.

"6-aprel" rahbarlaridan biri, 30 yoshli Ahmad Maher 2005-yildan beri turli siyosiy tashkilotlarda faollik ko'rsatadi, to'rt bor qamalgan, tarafdorlarni to'plash oson bo'lmagach, boshqa faollar bilan ishni internet orqali davom ettiradi.

Facebook da guruh tuzib, ishchilarni namoyishlarga chorlay boshlaydi. Ilk yirik namoyish 2008-yil 6-aprelida o'tkazilib, politsiya tomonidan bositiriladi.

Tunisda ham ayni hol kuzatiladi. Ikki davlat yosh faollari internet orqali muloqot qilib, tajriba almashadi. Xorijda ishlayotgan yosh misrliklar Qatarda ham tashkilot tuzib, ilg'or g'oyalarni targ'ib qila boshlaydi.

Tunisdagi inqilobdan so'ng misrlik yoshlar internet orqali 25-yanvar - Politsiya kunida norozilik namoyishiga tayyorgarlik ko'ra boshlaydi.

Ko'zlangan 50 ming odam o'rniga maydonga 100 mingdan ziyod kishi to'planadi. "6-aprel" harakatini tez orada al-Barodiy tarafdorlari, liberal va so'lchi partiyalar hamda "Musulmon birodarlar" harakatining yoshlar qanoti qo'llab-quvvatlay boshlaydi.

Misrlik yoshlarning faxrlanishicha, namoyishlar tartibli o'tdi, zo'ravonliklarga yo'l qo'yilmadi, mingga yaqin qurbonlarning aksariyati to's-to'polonlardan emas, politsiya o'qidan o'ldi.

"Bu xalqimizning naqadar madaniyatli ekanidan dalolatdir", deydi ular.