Milliy Firqa Qrimning Rossiyaga qo'shilganini olqishlaydi

Vasvi Abduraimov, Milliy Firqa qrim-tatar guruhi kengashining raisi

Qrimning Rossiyaga qo’shib olinishi qrim-tatarlar Milliy Majlisi tanqidiga uchrayotgan bir paytda bu xalqning yarimoroldagi manfaatlarini himoya qiluvchi boshqa bir tashkilot qarama-qarshi fikr bildirmoqda. Milliy Firqa yetakchilari nazarida tatarlar Yevrosiyo, Rossiya tomon intilishi lozim.

Qrimdagi so’nggi voqealar mahalliy tatar aholisining siyosiy faolligini namoyish etdi. Ammo ommaviy axborot vositalarida bu xalq nomidan faqat Milliy Majlis so’zlaganini ko’rsa bo’ladi. Bu norasmiy tashkilot rahbarlari Qrimning Rossiyaga qo’shib olinishini tanqid qilib, Ukrainadagi muvaqqat hukumatni qo’llab-quvvatladi.

Biroq Qrimdagi hamma tatarlar ham bunday fikrda emas, deydi Milliy Firqa tashkiloti kengashining raisi Vasvi Abduraimov.

Guruh 2006-yilda tashkil topgan bo’lib, o’tgan asr boshlarida faoliyat yuritgan qrim-tatar partiyasining nomini olgan.

Maqsadimiz millatimiz va yurtimizni tiklash, deydi kengashni olti yildan beri boshqarayotgan faol.

Your browser doesn’t support HTML5

Milliy Firqa Qrimning Rossiyaga qo'shilganini olqishlaydi


Vasvi Abduraimov Farg’onada tug’ilib, voyaga yetgan. O’zbekistonga deportatsiya qilingan tatarlarning aksariyati kabi 1990-yillarda Qrimga qaytgan. Ta’lim va jurnalistika sohalarida ishlagan. O’tgan yili Abduraimov Ukraina prezidenti qoshidagi qrim-tatar xalq vakillari kengashi raisining o’rinbosari etib tayinlandi.

Mamlakatdagi siyosiy to’ntarishlardan so’ng Milliy Firqa “Maydon”ga va uning yordamida hukumatni egallagan siyosiy kuchlarga qarshi chiqdi. Rossiya Qrimda referendum o’tkazilishini e’lon qilganda Milliy Firqa tashabbusni olqishlab, uning natijalarini xursandchilik bilan qabul qildi.

Milliy Majlisdan eng asosiy farqimiz ham shunda, deydi Vasvi Abduraimov.

"Janob Jemilev va uning Milliy Majlisdagi tarafdorlari Ukraina va Qrimning G’arb bilan, NATO, Yevropa Ittifoqi bilan integratsiya tarafdori. Milliy Firqa esa Yevrosiyo bilan integratsiyalashishni istaydi. Shundagina biz barcha turkiy xalqlar bilan yagona siyosiy va geosiyosiy hududda bir bo’lib kuchayishimiz mumkin", - deydi Abduraimov.

Unga ko’ra, jadidchilar harakatining asoschilaridan biri, turkiy dunyoda katta hurmatga ega qrim-tatar arbobi Ismoil Gasprinskiy turkiy xalqlar, tatarlar Rossiya bilan bir bo’lishi kerak deb nasihat qilgan.

Milliy Majlis sobiq raisi Mustafo Jemilev shu hafta AQShda bo’lib, Oq uy ma’muriyatini Rossiyaga qarshi qattiqroq sanksiya joriy etishga chaqirdi. Unga ko’ra, 16-martdagi referendumda tatarlarning yarim fozi qatnashgan, xolos.

Biroq Vasvi Abduraimov bunga qo’shilmaydi. Uning aytishicha, Qrimda yashovchi salkam 400 ming tatarlarning beshdan biri Milliy Firqani qo’llab-quvvatlaydi.

“15 ming a’zomiz bor, barchasi referendumda Rossiyaga qo’shilish uchun ovoz bergan”, deydi Abduraimov.

Jemilev nazarida Milliy Firqa Rossiya tomonidan tuzilgan tashkilot bo’lib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Abduraimov o’z navbatida Jemilev va Milliy Majlisni G’arb qo’lidagi o’yinchoq deb, Qo’shma Shtatlarni tatar aholining Qrimdan deportatsiya qilinishiga sababchi deb biladi.

"Ikkinchi jahon urushi paytida ittifoqchilar va, xususan AQSh prezidenti Ruzvelt va Buyuk Britaniya bosh vaziri Cherchil Sovet Ittifoqidan Qrimni mahalliy xalqdan bo’shatishni talab qilib, aks holda ikkinchi front ochilmasligini aytgan edi. 1944-yilda Qrimdan tatarlar, armanlar, greklar, bolgarlar haydalganidan so’ng ikki hafta o’tgach ikkinchi front ochildi. Qo’shma Shtatlar Qrimni o’z vataniga hali ega bo’lmagan yahudiylarga bermoqchi edi", - deydi Milliy Firqa rahbari.

O’tgan yili guruh oqsoqollari prezident Barak Obama nomiga maktub yo’llab, undan AQShning tarixda o’rin olgan bu siyosatini tan olib, uzr so’rashni talab qilgan edi.

Mustafo Jemilev Vasvi Abduraimovning bu da’vosini safsata, deydi.

Milliy Firqa Milliy Majlisni Qrimda Hizbut-Tahrir hamda Ukrainaning millatchi va radikal “O’ng sektor” guruhi bilan birga referendumdan oldin yarimoroldagi ruslarga qarshi xunrezlik rejalaganlikda ayblaydi.

"Bu ish hozir tergov qilinmoqda, uning tagiga yetganmiz. Milliy Majlis rahbariyati uning ortida turgani aniq bo’ldi. Ular tatarlarni ruslar bilan, Rossiya bilan to’qnashtirib, qon to’kilishini, keyin esa tatarlarni qurbon qilib ko’rsatishni rejalagan edi, ammo referendumdan oldin yarimorolda xavfsizlik choralari ko’rilib, ularning bu rejasi amalga oshmadi", - deydi Abduraimov.

Bu guruh raisining aytishicha, Milliy Firqa Yevropa Ittifoqini o’z taklif va qarashlaridan doim xabardor qilib turadi, ammo ittifoq Rossiya parast bu tashkilotni inkor etib, Milliy Majlis bilan aloqa qilishni afzal ko’radi.

Qrim-tatar xalqi so’nggi 23 yilda Ukraina hukumatining e’tiboridan chetda qoldi, qatag’on etilgan xalqlar huquqlarini tiklashga qaratilgan qonun qabul qilinmadi, ammo Rossiyada bunday qonun 1991-yildan beri bor va uning yordamida elimizning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa huquqlari tiklanishiga umid qilamiz, deydi Milliy Firqa kengashi raisi Vasvi Abduraimov.