AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi yangi muhojirlarning davlatdan yordam olishini cheklashni hukumatga tavsiya qilmoqda. Vazira Kirstyen Nilsenning aytishicha, taklif ijtimoiy muhokamaga qo'yiladi.
"Muhojirlarning iqtisodiy mustaqilligini oshirish va cheklangan resurslarni tejashga qaratilgan qonun ijrosini amalga oshirishga qaratilgan taklif bu. Immigrantlarning amerikalik soliq to'lovchilarga og'iri tushmasin deymiz", - dedi Nilsen.
Ayni damda yo'qsil muhojirlar federal, shtat yoki shahar hukumatlaridan oziq-ovqat, dori-darmon, ijara haqqi uchun yordam olishi mumkin.
Vazirlik kelajakda Amerikada yashamoqchi bo'lgan immigrantlarning sharoitini sinchkovlik bilan o'rganib, ularning jamoatchilikka yuk bo'lmasligini ta'minlash kerak, deydi.
Taklif, asosan, belgilangan yordam miqdoridan ko'proq va uzoqroq vaqt mobaynida olingan yordamga muhtoj muhojirlarga qaratilgan, ularning davlatdan hozir va o'tmishda olgan yordam miqdori ko'rib chiqiladi.