Rossiyada isyonchi qizlar ozod bo'ldi

  • Amerika Ovozi

"Pussy Riot" pank-guruhi a'zolari Nadejda Tolokonnikova (chapda) Krasnoyarsk qamog'idan va Mariya Alyoxina in Nijniy Novgorod qamog'idan ozod etildi

Moskva cherkovida prezident Putinga qarshi qo’shiq aytib, qamalgan qo’shiqchi qizlar amnistiyaga tushib, ozod etildi. “Pussi Rayot” guruhining ikki a’zosi o’tgan yil boshida bezorilikda va diniy adovatda aybdor topilgan edi.

Nadejda Tolokonnikova Sibirning Krasnoyarsk shahridagi qamoqxonadan ozod etildi. Mariya Alyoxina esa boshqa turmadan. Ansamblning yana bir a’zosi Yekaterina Samutsevich o’tgan yili ozodlikka chiqqan edi.

Tolokonnikova va Alyoxina nazarida hukumat fevral oyida Sochida bo’ladigan Qishki Olimpiya o’yinlaridan oldin mamlakat obro’sini to’kmaslik uchun ularni ozod etgan.

"Rossiya inson huquqlari muammolari bois Olimpiadaning boykot qilinishini istamaydi", - deydi Tolokonnikova.

Alyoxina ozod etilishini insonparvarlik aksiyasi deb bilmaydi.

"Undan ko’ra qamoqda qolganim yaxshi edi", - dedi u.

Qo’shiqchi qizlarga belgilangan jazo muddati 2014-yil martida tugashi kutilayotgan edi. Ular yosh bolalari borligi uchun Duma qabul qilgan amnistiyaga tushdi.

Kreml nazarida ular cherkovdagi bachkana chiqishlari bilan diqqat markaziga tushmoqchi bo’ldi.

Pussy Riot vakilalari qamoqdan chiqdi