Putin Rossiyada qisman safarbarlik e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

Vladimir Putin

Ukrainada kechayotgan urushga qo’shimcha askar tayyorlash maqsadida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun mamlakatda qisman safarbarlik e'lon qilish haqida farmon imzoladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 21-sentabr, 2022-yil


Ushbu hujjatga ko’ra, jami 300 ming kishi chaqiriladi - asosan armiyada xizmat qilganlar, jangovar tajriba va harbiy mutaxassislikka ega bo'lganlar. Talabalar va muddatli harbiy xizmatchilar bundan mustasno.

Rossiya Federatsiya Kengashi safarbarlik va harbiy holat davrlarini og'irlashtiruvchi holatlar deb tan olgan holda jangovar harakatlarda qatnashishdan bosh tortganlik, urush davridagi talon-taroj, xizmatdan bo’yin tovlash uchun qamoq jazosini belgilash haqidagi qonunni ma'qulladi.

Putin Ukrainada asosiy maqsad Donbassni ozod etish ekanini qayta ta’kidladi.

"Harbiy zaxiradagilar chaqirtiriladi, xolos”, - dedi u.

Yangi qismlar qo’shicha harbiy tayyorgarlikdan o’tishi aytilmoqda.

Putin G’arbni Ukrainani qurollantirayotganlikda va uning vositasida Rossiyani yo’q qilishga harakat qilayotganlikda ayblar ekan, g'anim davlatlarni yadroviy shantajdan o’zini tiyishga chaqirdi.

"Agar mamlakatimizning hududiy daxlsizligiga tahdid solinsa, xalqimizni himoya qilish uchun barcha mavjud choralarni qo’llaymiz. Bu yolg’on qo’rqitish emas”, - dedi u.

Rossiya prezidenti, shuningdek, Ukrainaning rus qo’shinlari va bo’lginchi kuchlar nazoratidagi hududlarida Rossiyaga qo’shilish haqida referendum o’tkazish tashabbusini qo’llab-quvvatladi.

23-27-sentabr kunlari Lugansk, Donetsk, Xerson va Zaporojye viloyatlarida, ya’ni Ukrainaning 15 foiziga teng hududlarda ana shunday referendum o’tkaziladi.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga ko’ra, fevral oxiridan beri Ukrainadagi harbiy harakatlarda salkam 6000 rus askari halok bo’lgan. Ukrainaning talafotlari 100 ming atrofida, shundan 60 mingi qurbonlar, deydi u.

Mustaqil kuzatuvchilar Rossiya Shoygu ko’rsatgandan ko’proq askar yo’qotganiga ishora qiladi. Masalan, iyul oyida AQSh Mudofaa vazirligi 15 ming rossiyalik halok bo’lganini bildirgan edi.

Shoygu so'zlariga qaraganda Rossiya zaxirasida 25 million odam bo’lsa, qisman safarbarlikka shuning bir foizi jalb etilmoqda, xolos.

"Qo’shimcha askarlar Ukrainada qo’lga kiritilgan hududlarni nazorat qilishda yordam beradi", - deydi u.

Rossiyaliklarning bir qismi qisman safarbarlik haqidagi xabarni salbiy qarshiladi.

"Bunday paytlarda doim xavotir bosadi. Oilangiz bo’lsa, ularni o’ylaysiz. Oilamni tashlab ketishni istamasdim”, - deydi moskvaliklardan biri.

Muxolifat esa xalqni norozilik namoyishlariga chaqirmoqda. Muxolifatning qamoqda o’tirgan yetakchisi Aleksey Navalniyning aytishicha, Putin qisman safarbarlik bilan qo’shimcha rossiyaliklarni o’limga mahkum etmoqda.

“Jinoiy urush yomonlashyapti. Putin unga imkon qadar ko’proq odamlarni jalb qilishga harakat qilyapti. U yuz minglab odamni qonga belamoqchi”, deyiladi Navalniyning qamoqda yozilgan va advokatlari tarqatgan videoda.

Norozilik namoyishlarini bostirish uchun politsiya kuchlari safarbar etilmoqda. Noqonuniy chiqishlarda qatnashganlar javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilmoqda.

Xabarlarga ko’ra, ayrim rossiyaliklar safarbarlikdan qochish maqsadida mamlakatni tark etmoqda. Latviya va Estoniya bundaylarga o’z hududlarida boshpana bermasligini bildirdi.