AQSh Moliya vazirligi rasmiysi Putinni korrupsiyada aybladi

  • Amerika Ovozi

Vladimir Putin

AQSh moliya vazirining terrorizm va moliyaviy razvedka masalalari bo'yicha o'rinbosari lavozimini vaqtincha bajarayotgan Adam Shubin Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni poraxo'rlikda aybladi. Uning aytishicha, Kreml rahbari lavozimini suiiste'mol qilib, o'z do'stlari va unga sodiq odamlarning boyishi uchun sharoit yaratib bergan.

Shubinning Bi-Bi-Si (BBC) telekompaniyasiga aytishicha, AQSh hukumati Kremldagi korrupsiyadan uzoq yillardan beri xabardor.

Amerika rasmiylari bu mavzuda kamdan-kam holatlarda ochiq so'zlaydi.

"Xoh neft va gaz savdosidan tushgan daromad bo'lsin, xoh davlat kontraktlarini qo'lga kiritish bo'lsin, Putin o'ziga yaqin odamlarning boyishiga yordam bergan, unga manzur bo'lmaganlarni esa bunday imkoniyatlardan uzoqlashtirgan. Mana bu haqiqiy korrupsiya", - deydi AQSh rasmiysi.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov mavzuni sharhlashdan bosh tortdi. Uning aytishicha, uydirmani sharhlashga hojat yo'q.

Rossiya prezidenti shu kunlarda korrupsiyaga qarshi kurashni jadallashtirishga chaqirmoqda. Xususan, Putin poraxo'r amaldorlar o'zlashtirgan mulkni musodara qilib, davlat g'aznasiga kiritishni taklif qilmoqda. Unga ko'ra, 2015-yilda Rossiya korrupsiyadan 15,5 milliard rubl (bugungi ayirboshlash kursiga ko'ra, taxminan 200 million dollar) miqdorda zarar ko'rgan.

"Davlat faqat 588 million rublni (taxminan 7.5 million dollar) qaytarishga muvaffaq bo'ldi, xolos. Bu juda kam", - deydi Putin.