Vladimir Putin Rossiyada hokimiyatga kelganiga 20 yil bo’ldi. Bu davr mobaynida Putin Rossiyani bosh vazir va prezident sifatida boshqardi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ayrim kuzatuvchilarning aytishicha, Putinning davlat tepasidagi 20 yilligi iqtisodiy turg’unlik davriga to’g’ri kelmoqda va bu zararni qoplash maqsadida harbiy sarfiyatlarni oshirib, 2024-yilda bo’ladigan saylovlardan oldin reytingini oshirishga intilmoqda.
Putin hokimiyatga kelganining 20 yilligini Moskvada ish va hordiq chiqarish bilan nishonladi – Fin ko’rfaziga borib, batiskafda suv tubiga tushdi, “Tungi bo’rilar” baykerlar klubi a’zolari bilan mototsikl haydadi, Qrimda katta yo’l qurilishini ko’zdan kechirdi, yosh balerinalar bilan ko’rishdi.
Putin hokimiyatiga norozilar esa Moskva va Sankt-Peterburgda namoyishlar o’tkazdi.
“Hozirgi tuzum yoshlarni bo’g’ib qo’yyapti. Qonun doirasida harakat qilishimizga, siyosiy istaklarimizni bildirishga ruxsat yo’q. Ko’chaga chiqib, namoyish qilishdan, hokimiyatdagilardan bizga quloq solishlarini talab qilishdan o’zga choramiz yo’q”, - deydi Ivan ismli talaba.
“Rossiyadagi butun hokimiyat bir arbobning qo’liga o’tmoqda. Bunga qarshi chiqmasak, jarayonning oldini ololmaymiz”, - deydi Marat ismli kolleksioner.
Ijtimoiy so’rovlar bilan shug’ullanuvchi “Levada markazi”ning aniqlashicha, Rossiyada so’ralganlarning 38 foizi 2024-yilda Putinning prezidentlik muddati tugashidan so’ng boshqa odamning hokimiyatga kelishini istaydi.
Biroq ko’pchilik, 54 foizi shu yil oktabrida 67 yoshga to’layotgan Putinning 2024-yildan keyin ham prezidentlikda qolishi tarafdori. Ayrim tahlilchilar nazarida, 54 foiz Putin reytingi uchun yetarli emas.
“Tarafdorlari kamayishining oldini olish uchun Rossiya rahbari qandaydir keskin va jozibali o’zgarishlarga qo’l urishi kerak bo’ladi”, - deydi siyosatshunos Kiril Rogov.
So’nggi bor Putinning reytingi 2014-yilda tushgan edi. O’shanda Qrim Rossiyaga qo’shib olingach, vaziyat o’zgardi, xalq uning Qrim bo’yicha qarorini qo’llab-quvvatlagan.
Saylovchilar Putinning Rossiyani muhim mintaqaviy va global o’yinchiga aylantirish, ya’ni Yaqin Sharqda harbiy amaliyotlardan tortib, Xitoy bilan aloqalarni kuchaytirishgacha bo’lgan siyosatini ham yoqlaydi.
Joriy yilning bir necha oyida Rossiya yalpi ichki mahsulotida o’sish sekinlashib, iqtisodiyot turg’unlikka uchradi, aholining haqiqiy daromadlari qatorasiga beshinchi yil tushib bormoqda. Rossiya statistika agentligi Rosstat ma’lumotiga ko’ra, iqtisodiy faoliyat uch karra sekinlashgan. 2000-yillarning birinchi dekadasida neft narxi va Putinning reytingi ancha yuqori edi.
Ba’zi tahlilchilar nazarida, Putin saylovchilarga endi iqtisodiy yutuqlarni emas, pulni qurolli kuchlarni isloh qilishga sarflab, harbiy yutuqlarni ko’z-ko’z qilmoqda.
“Gruziya urushidan keyin amalga oshirilgan harbiy reforma Vladimir Putin uchun katta muvaffaqiyat bo’ldi”, - deydi tahlilchi Aleksandr Golts.
“Putin atrofiga harbiylarni to’plab olgan, hamma ishda ularga tayanadi. Bu bilan “u harbiylardan najot izlayaptimi yoki ulardan qo’rqyaptimi” degan savol tug’iladi. Agar harbiylarga imtiyozlar va byudjetdan pul bermasa, nima qilisharkin? Uning o’rniga boshqa odamni hokimiyatga qo’yishlari mumkin”, - deydi jurnalist Sergey Parxomenko.
Har yili Qizil maydonda o’tadigan paradlar va Sankt-Peterburgdagi harbiy flot tantanalari Rossiya harbiy qudratini ko’z-ko’z qilishga qulay imkoniyat.
Putin yangi raketalar va suvosti kemalari bilan ham maqtandi.
“Harbiy qudrat – Putin tashviqotining asosiy qismini tashkil qiladi. Yaqinda Putinning Federatsiya kengashidagi murojaati paytida yangi raketalar haqida namoyish etilgan multfilmlarning hammasini tomosha qildik. Rossiya fuqarolari bilan aloqa qilishda u shunday tildan foydalanadi”, - deydi muxbir.
Ayrim kuzatuvchilar fikricha, 2024-yilgacha Putinning boshqaruv uslubi harbiylar ta’siri ostida shakllanishi mumkin.