Ukrainada 120 kundan beri davom etayotgan urush koronavirus pandemiyasidan zarar ko’rgan global ta’minot zanjirlariga yana bir zarba bo’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh Prezidenti Jo Bayden Amerikada yoqilg’ining qimmatlashishida Putinni ayblamoqda.
“Yoqilg’i narxi oshishini bila turib, AQShga Rossiyadan neft importini to’xtatib, Yevropadagi hamkorlarimizga ham shunday qilishni tavsiya qildik. Putinning qotilona harakatlariga ko’z yumsak bo’lardi va benzin bunchalik qimmatlashmasdi. Ammo bu to’g’ri ish bo’lmasdi”, - dedi Bayden.
Benzin narxi nafaqat Amerikada, balki dunyoning ko’plab boshqa mamlakatlarida ham oshdi, qisman Rossiya nefti va mahsulotlari savdosiga qo’yilgan sanksiyalar bois, qisman ta’minot zanjiri va samaradorlikni izdan chiqargan pandemiya sabab.
Kelasi oy Bayden Saudiya Arabistonida bo’lib, inson huquqlarining buzg’unchisi deb atagan mamlakatdan neft ishlab chiqarishni oshirishni so’rashi kutilmoqda. Bayden, shuningdek, qonunchilarni va shtatlarni benzinga mavjud federal va shtat soliqlarini vaqtincha bekor qilishga chaqirdi.
Respublikachilar bunga qarshi. Ukrainada esa urush hali-beri tugaydigan emas.
Tahlilchilarga ko’ra, Bayden reytingini ushlab turish uchun iqtisodiy muammolarni urushga bog’lab turishga majbur.
“Urush NATOga a’zo mamlakatlar iqtisodiyotiga turlicha ta’sir qilmoqda. Amerikadagi yoqilg’i quyish shoxobchalarida narxning ko’tarilgani bunga bir misol. Urush davom etgan va odamlar uning oqibatlarini hamyonida his etgan sari hamkorlar va jamoatchilik xayrixohligini qanday qilib ushlab turish mumkin? Bu NATO va AQSh uchun katta boshog’riq”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Ketlin Makinnis.
Oq uyga ko’ra, urush yolg’iz narxlarga ta’sir qilgani yo’q. AQSh Rossiyani ukrain bug’doyini dengiz orqali chiqarmayotganlikda ayblayapti. Bu esa Afrika kabi mintaqalarda ocharchilikka yetaklashi mumkin.
Kelasi hafta “Katta Yettilik” guruhi rahbarlarining Germaniyada bo’ladigan majlisida bu masala muhokama etiladi.
“Prezident Putin oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanmoqda. Qora dengizda qamal uyushtirib, hech narsaga yo’l bermayapti. Ukraina bug’doyni odatda dengiz orqali eksportga chiqarardi. Prezident Bayden dunyo rahbarlari bilan bu muammoni hal qilishga, bug’doyni quruqlik orqali olib chiqish yo’llarini topishga harakat qilyapti”, - deydi Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Rossiya kemalar harakatiga to’siq qo’ymayotganini, Ukraina o’z portlari atrofini minalashtirib, xavfli vaziyatni vujudga keltirganini aytmoqda.