Buxoroda Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ishga tushirilishi O’zbekiston-Rossiya munosabatlaridagi siyosiy voqealarga ulanib ketdi. Majmua ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev qatnashgan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Rossiya Bosh vaziri Dimitriy Medvedev tabriklari tantana ishtirokchilariga o’qib eshittirilgan.
Qandim majmuasidan so’ng hamkorlik navbati atom elektr stansiyasi qurilishiga o’tishi mumkin. Mirziyoyevga ko’ra, O’zbekiston shu yil Rossiya bilan bu masalada shartnoma imzolashi mumkin. Prezident bu haqda Buxoroda Markaziy Osiyoda yagona ko’rilayotgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ishga tushirilishi munosabati bilan bayonot qilgan.
Tadbir ortidan O’zbekiston va Rossiya prezidentlarining telefon orqali muloqoti o’tgan. Unda tomonlar o’zaro strategik sheriklikni yanada mustahkamlash rejasini, oliy toifadagi aloqalar jadvalini muhokama qilishgani xabar qilinmoqda.
O’zbekiston-Rossiya hamkorligining yorqin namunasi sifatida taqdim etilgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi yiliga 8 milliard kubometr gazni qayta ishlash qudratiga ega. Rossiyaning Lukoyl shirkati tomonidan ikki yil avval bunyod etila boshlangan bu majmua 19-aprel kuni to’liq quvvat bilan ishga tushirildi.
Ishlab chiqarilgan mahsulot O’zbekiston va Lukoyil o’rtasida taqsimlanadi, ammo qanday foizlarda ekani noma’lum, shartnoma muddati 2046-yilda tugaydi. Qandim majmuasini tiklash uchun 3 milliard 400 ming dollar sarflangan, qurilish ishlari Koreyaga qarashli firma tomonidan yuritilgan. Zavod ikki mingga yaqin kishini ish bilan ta’minlayotgani ta’kidlanadi.
Rossiyaning yetakchi kompaniyalaridan bo’lgan Lukoyl O’zbekistondagi yirik sarmoyadorlardan, Buxorodan tashqari Qashqadaryo viloyatida ham gaz-neft zaxiralarini aniqlash, qazish ishlari bilan shug’ullanadi. O’zbekiston gaz-neft sohasiga yotqizgan mablag’i 5 milliard dollardan oshgan.
Shavkat Mirziyoyev yangi zavodni yirik voqea sifatida baholagan, uning zamonaviy ilg’or texnologik talablarga muvofiq bunyod etilgani, muddatidan 8 oy avval ishga tushirilganini ta’kidlagan.
Rossiya bilan atom elektrostansiyasini qurish haqida shartnoma imzolanishi Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi ortidan Rossiya tomonidan bunyod etilayotgan ikkinchi yirik loyiha bo’lishi mumkin. O’zbekistonda bunday stansiya qurish loyihasi yangi emas, bu masala bir necha yillar avval ko’tarilgan, asosiy hamkorlar sifatida Xitoy, Kanada, Fransiya ko’rilayotgan edi. Mirziyoyevning bayonoti biror muhokamasiz loyiha ijrosi uchun Rossiya tanlanganini anglatadi.
Sharhlovchilar Karimov davrida masofada ushlab kelingan Moskva bilan aloqalarda siljishlar kuzatilayotganini qayd etishadi; ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, ayniqsa, siyosiy va gumanitar sohalarda hamkorlik kuchaygan.
O’zbekistonda Rus gumanitar missiyasi faollashgan, rus tilidagi o’quv yurtlari ko’paygan. Yaqinda missiya Jizzaxda Mirziyoyev o’qigan o’rta maktabda rus tili sinflari ochilganini, bu sinflar to’laligicha gumanitar missiyasi hisobidan ta’minlanganini e’lon qildi.
Prezidentning Buxoroda Rossiya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuvidan biroz oldin, Rossiya axborot vazirligi, yetakchi televideniyesi vakillaridan iborat boshqa bir delegatsiya Toshkentdagi hamkasblari bilan muzokaralar o’tkazishgan, Rossiya bilan hamkorlikda yangi telekanal ochishga kelishishgan edi.
Shiddat bilan yaqinlashib borayotgan bu aloqalar jamoatchilik nazaridan chetda emas, faollar ko’proq Rossiya O’zbekistonda ijtimoiy ongni shakllantirishga qaratilgan tashviqot kampaniyasi boshlashidan xavotir izhor etishadi.
“Odamlarning ijtimoiy ongi Rossiya pozitsiyasidan kelib chiqib shakllanib qolmoqda. Televideniye zohiran axborot berishga ixtisoslashgan, ammo botindan ijtimoiy ongga ta’sir qiladi, bu narsa, ayniqsa, Rossiya televideniyesi tashviqotida kuchli, ya’ni O’zbekistonda rossiyaparast kuchlarni yuzaga keltirish maqsad qilinmoqda. Shu ma’noda Rossiya OAV, televideniyesi O’zbekistonda kengayib borayotganini tajovuzga qiyoslash mumkin. Buning oqibatlari nafaqat achinarli, balki dahshatli bo`lishi mumkin. Qayerdadir biror muhokama bo’lib qolsa, odamlar Rossiya televideniyesidagi mavzular haqida, Putin haqida gaplashiladi, Rossiya kanallaridan olingan yangiliklar muhokama qilinadi. O’zbekistonliklar ijtimoiy ongi bunday ta’sirlar ostida shakllanishi ancha xavfli natijalarga olib kelishi mumkin”, - deydi Rossiya ta’siri kengayib borayotganini ta’kidlayotgan bloger Abbos Asad.
Mirziyoyoevning bugungi siyosati Karimov davridagi jamoatchilikni Rossiya doirasi, mafkurasi va siyosatidan muhofazalash, mustaqillik mafkurasini shakllantirishga zo’r berish harakatlaridan farqli ko’rinadi.
O’zbekistonda bugun rus tilining mavqei yana yuksala boshlagan, rus tilidagi OAV soni ortgan. Qolaversa, Mirziyoyevning o’zi ham rasmiy chiqishlarida davlat tili talablariga jiddiy bo‘ysunayotgani kuzatilmaydi.