FIFA Qatardagi ishchilar taqdiriga befarqmi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

“Xalqaro Amnistiya” tashkilotiga ko'ra, jahon futbolini boshqaruvchi FIFAdagi korrupsiya mojarosi dunyo ahlini 2022-yilgi jahon chempionati mezboni Qatarda migrant ishchilar huquqlarining poymol etilishi kabi jiddiy muammolardan chalg’itmoqda.

Oxirgi oylarda Qatardagi ishchilar ahvolida biroz ijobiy o’zgarish bor. Maoshlarni himoya qilishga qaratilgan yangi qonunga ko’ra, yirik kompaniyalar endi o’z ishchilariga mehnat haqini o’z vaqtida va muntazam bank orqali o’tkazib turishi kerak.

Xalqaro Amnistiya vakili Mustafo Qadri:

“Qatarda huquqlari eng ko’p toptaladigan ishchilar kichik kompaniyalarda ishlaydi. Ularda faqat uch oylik vizalar bo’lishi yoki norasmiy ishlashlari mumkin. Bunday kichik kompaniyalarni aniqlash juda qiyin. Qonun bunday toifadagi ishchilarga foyda beradiganga o’xshamaydi”,- deydi u.

Qatarda 1,5 million atrofida migrant ishchi bor. Aksariyati ish beruvchilar orqali “kafala” homiylik tizimi asosida ishga yollangan. Xalqaro Amnistiyaga ko’ra, ayni holat ko’plab huquqbuzarliklarga sabab bo’lmoqda. Ishchilarning pasportlarini olib qo’yish hollari tez-tez uchrab turadi.

“Kompaniya ishchining qayerga borishi, mamlakatni qachon tark etishi va ishini o’zgartira olishi yoki olmasligini nazorat qiladi. Bu esa vakolatni suiiste’mol qilishga olib boradi”, - deydi Qadri.

Huquq faoli muammoda futbol bo’yicha jahon chempionatini o’tkazuvchi FIFA tashkilotini ham ayblaydi.

“Korrupsiya va FIFA yetakchilariga qaratilayotgan e’tibor inson huquqlari va FIFAning inson huquqlarini himoya qilish majburiyatidan chalg’itayotgani xavotirli”, - deydi u.

Qatar chempionat mezbonligini qo’lga kiritish uchun FIFAga pora bergani haqidagi iddaolarni keskin rad qiladi. O’z navbatida FIFA yaqinda bu borada jiddiy qoidabuzarlik bo’lmagani haqida qaror chiqardi.

Shvetsiya politsiyasi ayni paytda FIFAning ishdan ketgan sobiq rahbari Zep Blatterga qarshi da’volarni ko’rib chiqmoqda. Shu paytgacha futbol federatsiyasining bir necha rasmiysiga qarshi ayblov qo’yilgan.

AQSh Adliya vaziri Loretta Linch tashkilot jiddiy islohotga muhtoj ekanini aytadi.

"Bu buyuk sportda qatnashadigan har bir davlat FIFA islohotida ishtirok etishi kerak”, - dedi u.

Ayblanganlardan biri - Janubiy Amerika futbol federatsiyasi sobiq bosh kotibi Xose Luis Meysner ishi Argentina sudida ko’rilmoqda. Vashington uni AQShga ekstraditsiya qilishni so’ragan.