Rossiya koronavirusga chalinganlar soni bo’yicha dunyoda uchinchi o’rinda bo’lishiga, har kuni minglab odam virus yuqtirishda davom etayotganiga qaramay, epidemiya markazi bo’lgan poytaxt Moskvada karantin choralari qisman yumshatildi.
Moskva meri Sergey Sobyaninning aytishicha, 12,7 millionlik shaharda odamlarga ko’chaga chiqishga ruxsat berilib, mart oxiridan beri ishlamagan ba’zi biznes va do’konlar qayta ochiladi – jumladan, avtosalonlar, quruq tozalash va kir yuvish xizmatlari, poyabzal ta’mirlash shoxobchalari, kitob do’konlari.
Moskvaliklarga haftada uch marta belgilangan kunlarda yashash joyi atrofida sayr qilishga, ertalab 5 dan 9 gacha tashqarida sport bilan shug’ullanish yoki yugurishga ruxsat beriladi.
Bugundan boshlab savdo markazlari va aksariyat bog’lar ham ochilgan, biroq bolalar maydonchalari va sport inshootlari yopiqligicha qoladi.
Har kuni mamlakat bo’ylab 10 minggacha odam koronavirus bilan kasallanmoqda. Moskvada kasallanish sur’ati kuniga 6000 dan 2500-3000 gacha tushgan. Mamlakat bo’ylab 400 mingdan ziyod odam virus yuqtirgan.
Prezident Vladimir Putin kuzda epidemiyaning ikkinchi to’lqini haqida ogohlantirarkan vaziyat barqarorlashayotganini aytdi.
9-may kuni qoldirilgan G’alaba kuni paradi Qizil Maydonda 24-iyun kuni bo’ladigan bo’ldi.