Ilk kosmik poyga Qo’shma Shtatlar va Sovet Ittifoqi o’rtasida 1950-yillar oxirida boshlanib, o’nlab yil davom etgan. Bugungi raqobat Mars sayyorasini zabt etish ustida kechmoqda.
Oyga parvozdan yarim asr o’tib, insoniyat kosmik poyganing yangi bosqichini boshladi.
“Marsda ilk tadqiqotlarni 2020-yilda boshlaymiz”, - deydi Xitoy Fazo boshqarmasining direktor o'rinbosari Vu Yanxua.
Inson qizil sayyoraga qadam bosishidan oldin turli davlatlar tadqiqotchi robotlarini chorak milliard kilometrlik parvozga tayyorlamoqda.
AQShning NASA fazo agentligi planetaning bir paytlar suv bo’lgan joyida toshga aylangan mikrob qoldiqlarini tekshirish, bu toshlarni 2030-yilda Yerga olib kelishni rejalamoqda. Xitoy esa orbital apparat va qo’ndiruvchi modul yuboradi.
“Orbitalash, qo’nish va sinovlarni bitta parvoz davomida bajarmoqchimiz”, - deydi Yanxua.
Marsga qo’nishni mashq qilish uchun Pekin yaqinida simulyatsiya maydoni bor. U yerda tortishish kuchi Yernikiga qaraganda kamroq.
Yevropa Fazo agentligi esa Rossiyaning “Roskosmos” agentligi bilan hamkorlik qilmoqda. Ular birgalikda yaratgan marsoxod sayyorada yer sathini parmalab o’rganish uchun jihozlangan. Aprelda apparat yakuniy sinovdan o’tkaziladi.
“Sinov muvaffaqiyatli o’tsa, marsoxod Baykonur kosmodromiga jo’natilib, 26-iyuldan 11-avgustgacha bo’lgan muddat ichida uchirilishi kerak. Agar ulgurmasak, parvoz yana ikki yilga kechiktiriladi. Shuning uchun apparatning uchish-qo’nishidagi so’nggi muammolarni bartaraf etishga harakat qilayapmiz”, - deydi Fransua Spoto, "ExoMars" dasturi rahbari.
Yevropa Fazo agentligi 2016-yilda uchirgan apparat Marsga qulab tushgan edi.
Birlashgan Arab Amirliklari ham yozda missiyasini boshlamoqchi. “Al-Amal” nomli zond Mars sayyorasi tomon yo’l oladi.
“Qurilma Marsning pastki, o’rta va yuqori atmosferasini, shuningdek, ulardagi gazlar tarkibini o’rganadi”, - deydi Sheyxa al-Maskari, Birlashgan Arab Amirliklari Fazo agentligi xodimi.
Bugungi kunda qizil sayyorada ikki apparat va olti sun’iy yo’ldosh ishlab turibdi. Hozircha Qo’shma Shtatlar bu qurilmalarni qo’ndirib, boshqara olgan yagona davlatdir.