Koronavirus sayyohlarni uyda o’tirishga majburlab, mehmonxonalarni huvillatib qo’ydi. Biroq Isroildagi ikkita otel xonalari virusga chalingan odamlarni davolash uchun palatalarga aylantirilgan.
"Koronavirusni yuqtirgan har bir bemorni mana shu muolaja oteliga joylaymiz”, - dedi Isroil Mudofaa vaziri Naftali Bennet.
Hozircha ikkita mehmonxona bunga rozi bo’lgan, biroq tez kunlarda boshqalari ham ushbu tashabbusga qo’shilmoqchi.
Virus odamlarning aksariyatida yo’tal yoki isitma kabi yengil alomatlarga sabab bo’ladi. Biroq qariyalar va ayrim kasalliklarga uchragan odamlar uchun halokatli bo’lishi mumkin.
“Muolaja mehmonxonasi yengil formadagi kasallarni qabul qiladi, ya’ni jiddiy tibbiy yordamga muhtoj bo’lmaganlarni. Ularga tibbiy xizmatchilar qaraydi. Biroq biror bemorning ahvoli og’irlashsa, odatda yettinchi kundan boshlab, uni darhol kasalxonaga olib boramiz. Bu kasalxona emas”, - dedi vazir.
Isroilda 677 odam koronavirusga chalingan va kasallanganlar soni o’sishda davom etmoqda.
Bu o’rtada epidemiya avjiga chiqqan Ispaniyada ham Isroil kabi mehmonxonalarni muolaja markazlariga aylantirish taklifi ko’rilmoqda.
Bu mamlakatda kasallanganlar soni 17 mingdan oshdi, 767 odam virus qurboni bo’ldi.