Vashingtonda diniy erkinlikka bag’ishlangan anjumanda yuzdan ortiq davlat tashqi ishlar vazirlari, mingdan ortiq delegat qatnashmoqda. Tadbirga terrorchi va ekstremistlar hujumlariga uchragan cherkov, masjid va sinagogalar vakillari, hujumlardan omon qolganlar ham taklif etilgan.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo va AQShning diniy erkinlik bo’yicha elchisi Sem Braunbekning aytishicha, anjuman turli din vakillarini dindorlarga nisbatan ta’qiblar va hujumlarga qarshi uyushishga da’vat etmoqda.
“Dunyoning har chekkasi daodamlar erkin e’tiqod qilish huquqiga ega bo’lishi kerak – xoh uyida, xoh jamoat joylarida, xoh ibodatxonada. Odamlar nimaga e’tiqod qilishidan qat’i nazar”, - dedi Pompeo.
Iroq shimolida “Islomiy davlat” jangari to’dasi qo’lidan ozod bo’lgan yazidi e’tiqodiga mansub ayol ham anjuman ochilishida so’zladi.
“Tarix va izlanishlar qatliom davom etayotgan jarayon ekanini ko’rsatmoqda. Salkam 350000 yazidi Kurdistondagi qochqinlar lagerlarida qolib ketgan”, - deydi Tinchlik uchun Nobel mukofoti sohibasi Nadiya Murod.
Yamini Ravidran esa shu yilgi Pasxa paytida Shri-Lankadagi nasroniy cherkovga qilingan hujumda omon qolgan.
“Shundan beri mamlakatdagi nasroniylar qo’rquvda yashamoqda”, - deydi u.
Farid Ahmad Vashingtondagi anjumanga Yangi Zelandiyadan bordi. Kraystcherch shahridagi masjidga hujumda nogiron bu odamning rafiqasi uning aravachasini chiqish tomon yetaklayotib otib o’ldirilgan. “Islom dini menga qotilni kechirishni o’rgatdi”, deydi u.
“Qur’on yomonlikka yaxshilik bilan javob berishni o’rgatadi. Qotil menga adovatini sochdi, men esa unga mehrimni berdim”, - deydi u.
Vashingtondagi anjumanda O'zbekistondan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rahbarligidagi delegatsiya ham qatnasmoqda. Qo'shma Shtatlar O'zbekistonda diniy erkinlik bilan bog'liq vaziyatni yaqindan kuzatadi, shu mavzudagi yillik xalqaro hisobotlarida respublikadagi ahvol ham yoritiladi.
Sammit kun tartibi bilan Davlat departamenti veb sahifasida tanishish mumkin. Anjuman internet orqali jonli efirga uzatilmoqda.