AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, mamlakat bo’ylab shu kunga qadar koronavirusga 10 millionta test o’tkazilgan. Bu aholining atigi 3 foizi demakdir.
Hukumat iqtisodiyotni jonlantirish uchun trillionlab dollar sarflamoqda, ayrim shtatlarda bizneslar qayta ochilmoqda.
“Testlarni ko’paytirish kerak, amerikaliklarga yordamni ko’paytirish kerak”, - dedi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.
Respublikachilar milliy qarz o’sayotganidan nolib, qarorlarni mahalliy hukumatlarga qo’yib berish kerak, deydi.
“Qariyalar uyi xavfsizligini yaxshilash kerak, chunki koronavirusdan o’lganlarning yarmi qariyalar uyidan chiqqan. Shu bilan birga, mamlakatdagi grafliklarning yarmida virus deyarli chiqmagan. O’sha yerlarni ochsak bo’ladi”, - deydi Oq uy iqtisodiy maslahatchisi Stiven Mur.
Sog’liqni saqlash bilan shug’ullanuvchi ekspertlar qonunchilar bilan masofali muloqot paytida vaziyat yaxshilanayotganini aytdi.
“Mamlakat bo’ylab epidemiya sekinlashayotganini ko’ryapmiz, virus biz kutgandan ko’proq tarqalalishi aytilsa-da, iqtisodiyotni qayta ochish kerak”, - deydi AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi sobiq rahbari Skot Gottlib.
Bunday sharoitda virus yuqtirganlar kim bilan aloqada bo’lganini tekshirish muhim, deydi mutaxassislar.
“Emlash dasturi keng quloch yozmaguncha bu strategiyamizning muhim qismi bo’lib qolishi kerak”, - deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universitetidan Tom Ingelsbi.
Vaksina yaratilishiga yana kamida bir yil bor. Tibbiyot sohasi mutaxassislari pandemiya boshidagi xatolardan saboq olib, testlarni ko’paytirishga chaqirmoqda.
“Test infratuzilmasi yo’lga qo’yilmagani uchun ham epidemiya tez kuchaydi, mana shu xatoni deb mamlakatni yopishga majbur bo’ldik”, - deydi Garvard universitetining Global salomatlik instituti direktori Ashish Jxa.