Respublikachilardan prezidentlikka da'vogarlar nima haqda bahslashdi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Saylov-2016: Respublikachi nomzodlar nima haqda bahslashmoqda?

Kecha Miluoki shtatining Viskonsin shahrida Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da'vogarlar navbatdagi televizion debatda qatnashdi. Ular immigratsiya, tashqi siyosat, iqtisodiyot va boshqa mavzular bo'yicha qarashlarini bildirdi, o'zaro bahs qildi.

Immigratsiya eng munozarali mavzu bo'ldi. Tadbirkor Donald Tramp prezident bo'lsa, millionlab noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan haydashini yana bir bor ta'kidladi.

“Biz qonunlarni hurmat qiladigan mamlakatmiz. Bu odamlarni chiqarib yuborish kerak. Biz davlatmi yoki yo'qmi?” - dedi milliarder.

Ogayo shtati gubernatori Jon Kasich partiyadosh raqibini qo'llab-quvvatlamadi.

“11 million odamni qanday topib, haydash mumkin? Ahmoqona g'oya bu", - dedi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Respublikachilardan prezidentlikka da'vogarlar Miluokida bahs qildi

Florida sobiq gubernatori Jeb Bush ham shunday fikrda.

“Oyiga 500 ming odamni chiqarib yuborish osonmi? Mumkin emas! Bundan tashqari, bu Amerika qadriyatlariga zid, jamoalarni bo'lib qo'yadi”, - dedi Bush.

Texaslik senator Ted Kruz nazarida, chegarani mustahkamlash kerak.

“Muhojirlar qonuniy kelsin”, - dedi u.

Tashqi siyosatga kelganda Rossiyaning Suriyadagi harakatlari va "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurash haqida ham bahs bo'ldi.

“Suriya osmonida parvozlarni nazorat qilishimiz kerak. Rossiya samolyotlarimiz qachon va qayerga uchishiga xo'jayinlik qilmasin", - dedi tadbirkor Karli Fiorina.

Ben Karson va Marko Rubio nazarida, "Islomiy davlat" jiddiy tahdid.

“Bu masalani bir yoqli qilish zarur. Bizni yo'q qilmaslaridan oldin biz ularni yo'q qilishimiz kerak", - dedi Karson.

“Yo ular, yo biz g'alaba qilamiz. Bu tahdidni jiddiy qabul qilishimiz lozim. O'z-o'zidan yo'q bo'lib qolmaydi", - dedi Rubio.

Senator Rend Pol nazarida esa, Suriya va Iroqdagi harbiy harakatlar AQSh uchun kattaroq xavf.

“O'g'il-qizlaringizni Iroqqa yana bir urushga yubormoqchi bo'lsangiz, marhamat. Men buni istamayman", - dedi u.

Da'vogarlarning keyingi bellashuvi dekabr o'rtalariga rejalangan.