AQSh muxolifati Prezident Barak Obamaning Panamada Kuba rahbari bilan uchrashuvini tanqid qilmoqda. Uchrashuv Amerika davlatlari sammiti doirasida kechgan.
Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Ted Kruzning aytishicha, Obama yana bir yomon bitim imzolash arafasida, bu safar Kubaning kommunistik diktaturasi bilan. Kruzning otasi Kubadan, uning o'zi Kastro tuzumining ashaddiy tanqidchisi.
"Prezident Obama Kastrolar talabiga bo'yin egmoqda - iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilib, Kubaning xalqaro sahnadagi mavqeini ko'tarmoqchi. Obama uning Raul Kastro bilan uchrashuvi kelajak tomon qadam ekanini aytdi, biroq Kuba xalqi o'tmishda zanjirbandligicha qolmoqda", - deydi senator Kruz.
Florida shtatining sobiq gubernatori, prezidentlikka da'vogarlardan biri Jeb Bushning aytishicha, Obama Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan ko'rishishdan bosh tortib, Kastro bilan uchrashdi.
"Nega biz repressiv tuzumning zolim diktatorini o'zimizga yaqinlashtiryapmiz?" deydi u.
Prezident Obamaning Kastro bilan uchrashuvdan so'ng aytishicha, muloqot ikki davlat munosabatlarida burilish nuqtasi bo'lishi mumkin.
"Amerikaliklarning aksariyati Kuba bilan aloqalarni tiklash tarafdori, kubaliklar ham shuni istaydi", - deydi Obama.
Kastro uchrashuv chog'ida inson huquqlari va matbuot erkinligi kabi tortishuvli mavzularni muhokama qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Kuba rahbari AQShning o'tmishdagi siyosatini tanqid qildi, biroq shu zahotiyoq Obamadan shaxsan uzr so'radi. Uning aytishicha, Obama Amerikaning oldingi siyosatiga mas'ul emas.
AQSh rahbari yaqin kunlarda Kubaning terrorchilikni qo'llab-quvvatlovchi davlatlar ro'yxatidan chiqarilishi haqida e'lon qilib, Kastroning olqishiga sazovor bo'ldi.
Aytish joiz, ikki davlat rahbarlari 1956-yildan beri uchrashmagan.
Obama Panamada Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro bilan ham uchrashdi. Qo'shma Shtatlar Venesuelani inson huquqlarini buzayotganlikda ayblab, uning yetti yuqori lavozimli rasmiysini qora ro'yxatga kiritgan. Maduro sanksiyalarni bekor qilishni, Venesuela ichki ishlariga aralashishni bas qilishni so'rab keladi.
U Obama bilan uchrashuvni ochiq va jiddiy deya ta'rifladi.
"Endi AQSh bilan hurmat asosida aloqa qilishga imkoniyat bor", - dedi u.
AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Bernadet Mixanning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Venesuelaga do'q-po'pisa qilmoqchi emas, balki u yerda demokratiya, barqarorlik va farovonlik bo'lishini istaydi.
Lotin Amerikasidagi ayrim davlatlar ham AQShning Venesuelaga qo'ygan sanksiyalarini tanqid qilib keladi. Sammitda Obama bilan uchrashgan Braziliya Prezidenti Dilma Rusefning aytishicha, Vashingtonning bir tomonlama yakkala sh choralari va siyosati samara bermaydi, aksincha, zarari ko'proq bo'ladi.
Prezident Obama Kolumbiya rahbari Xuan Manuel Santos bilan ham uchrashgan. Santos ikki davlat munosabatlari har qachongidan a'lo ekanini ta'kidladi.
Meksika Prezidenti Enrike Pena Niyeto Obamaning Kuba bilan aloqalarni tiklash qarorini olqishladi.