Sobiq sho'ro davlatlaridagi urush faxriylari G'alaba kunini nishonlashga tayyorgarlik ko'rar ekan, Rossiya elchixonasining Toshkentda Georgiy lentalarini tarqatmoqchi ekani haqidagi gaplar ijtimoy tarmoqlarda keng muhokama ostida. Chunonchi, "Facebook"da “Biz O`zbekistonda Georgiy lentasiga qarshimiz” nomi ostida guruh ochilgan. Uning ishtirokchilari Rossiya bilan aloqalar qayta ko'rib chiqilishini talab qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
O`zbekistonda Georgiy lentasi tarqatilishiga qarshi "Facebook" ijtimoiy tarmog`ida tuzilgan guruh asoschisi jurnalist Aziz Muhammad bu lenta o`zida ikkinchi jahon urushida qozonilgan g`alaba ramzlarini emas, aksincha,+ Turkistonni qonga belagan chor Rossiyasi armiyasi timsollarini tashiydi. degan fikrda.
“Bugungi kunda bu lenta faqat chor Rossiyasi imperializmini ulug`lash vositasi hisoblanadi, boshqa narsa emas. Aslida bu lentani tarqatish 2005-yildan boshlangan, 2006-yildan esa Rossiya davlati bu lentani boshqa davlatlarda ham tarqatishni targ`ib qilmoqda. Ikkinchi jahon urushidagi g`alaba timsoli sifatida. Lekin men bunga qo`shilmayman. Chunki uning tarixi chor Rossiyasiga borib taqaladi. Hozirgacha bu tashabbusni yuzlab yurtdoshlarimiz qo`llab-quvvatlashdi, ammo norozilar, turli ayblovlar ham yo`q emas. Bu millatlararo nizo keltirib chiqaradi. Provokatsiya bilan shug`ullanayapsizlar, ig`vo tarqatayapsizlar kabi ayblovlar ham bor ”, - deydi Aziz Muhammad.
Rossiyaning Markaziy Osiyo davlatlaridagi elchixonalari tomonidan faol targ`ib qilinayotgan va ikkinchi jahon urushidagi g`alaba ramzi sifatida qabul qilingan Georgiy lentasi allaqachon mintaqa davlatlari jamoatchiligida turli ziddiyatlar uyg`otib bo`lgan.
Bu ziddiyat, ayniqsa, Georgiy lentasi keskin ommalashgan Qozog`istonda sezilarli kechdi. Hatto Georgiy lentasiga muqobil tarzda qozoqcha g`alaba lentasi jamoatchilikka taqdim etildi.
O`zbekistonda bu lentani oddiy o`zbeklar orasida ommalashgan deyish qiyin, ammo uning targ`iboti ijtimoiy tarmoqlarda kuchayib bormoqda. “Biz O`zbekistonda Georgiy lentasiga qarshimiz” guruhi shunday harakatga qarshi javob tariqasida tashkil etilgani aytilmoqda.
“Feysbukda, boshqa tarmoqlarda Georgiy lentasi faol targ`ib qilinayapti. Shunga javob tariqasida shu sahifani tashkil qildim. Maqsad yurtdoshlarimizga Georgiy lentasi tarixi va mazmun-mohiyatini tushuntirib berish. Bu lenta bizning milliy tariximiz, madaniyatimizga to`g`ri kelmaydi, chunki tarixiga qarasak, bu lenta faqat chor Rossiyasi iftixor timsoli bo`lib kelgan. Qolaversa, Rossiya ommaviy axborot vositalari Georgiy lentasiga qarshi chiqayotganlarni keskin tanqidga olmoqda. Shuning o`ziyoq bu kompaniya xolisligini shubha ostiga qo`yadi”, - deydi Aziz Muhammad.
Mintaqa jamoatchiligida bu lentaning ommalashishi, Rossiya qudrati qiyosiga aylanib borayotgani, ayniqsa, Ukraina voqealaridan so`ng xavotir bilan qabul qilina boshlandi. Qozog`iston, Qirg`iziston matbuotida Georgiy lentasi tarixi, kelib chiqishiga doir chiqishlar, munozaralar mavjud, ammo o`zbek matbuoti bu borada ko`proq sukutda.
“Bilasiz, bu lentani elchixona tarqatmoqda, shuning uchun jurnalistlarimiz masalani nozik hisoblab sukutda. Buni ularning o`zidan so`rash kerak, ammo men bu narsani ko`tarib, yurtdoshlarimizga yetkazayapman. Bu yerda Rossiya-O`zbekiston munosabatiga putur yetkazadigan narsa ham yo`q deb o`ylayman. Rossiyada o`tkazaverishsin, bunga qarshi emasmiz. Faqat O`zbekistonda emas. Lekin nima sababdan bu lentaning tarixini bilgan jurnalistlarimiz, matbuot hamon jim turibdi, bunisi menga qorong`u”, - deydi Aziz Muhammad.
Rossiyaning O`zbekistondagi elchixonasi 9-may kuni nishoshlanadigan II jahon urushidagi g`alaba munosabati bilan Georgiy lentasi Toshkentda bepul tarqatilishi haqida e`lon bergan.