Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo'lib o'tgan Olimpiya o'yinlari nihoyasiga yetdi. 16 kunlik musobaqa keskin va murosasiz kurashlarga boy bo'ldi.
46 oltin medal bilan AQSh davlatlar reytingida birinchi o'rinni egalladi. Ikkinchi o'rin 27 oltin medalni qo'lga kiritgan Britaniyaga nasib qildigan bo'lsa, kuchli uchlikni 26 oltin bilan Xitoy yakunladi.
Eng yuqoridagi beshlikdagi keyingi o'rinlarni Rossiya (19 oltin) va Germaniya (17 oltin) egallagan.
Mezbon Braziliya 7 oltin, 6 kumush va 6 bronza medali bilan o'z tarixidagi eng yaxshi ko'rsatkichni namoyish qildi. Bu o'lka sportchilari ro'yxatning 13-o'rnida turibdi.
Osiyo mamlakatlaridan eng yaxshi besh natija, tartib bilan, Xitoy (26 oltin, 3-o'rin), Yaponiya (12 oltin, 6-o'rin), Janubiy Koreya (8 oltin, 9-o'rin), O'zbekiston (4 oltin, 21-o'rin) va Qozog'istonga (3 oltin, 22-o'rin) tegishli.
O'zbekiston ayni paytda MDHda Rossiyadan keyin ikkinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi o'rinni egallab turibdi. O'zbekistondan keyingi pog'onani uch oltin bilan Qozog'iston band etgan.
O'zbekistonning to'rt oltinidan uchtasi boksdan. Ularning ikkitasi 21-avgust, musobaqaning eng so'nggi kunida qo'lga kiritildi. Ayni paytda barcha mamlakatlar orasida boks bo'yicha eng yaxshi ko'rsatkich O'zbekistonda. O'zbekistonlik bokschilar hisobida uch oltin, ikki kumush va ikki bronza medali bor. Ikkinchi o'rinni uch oltin va uch bronza bilan kubaliklar egallagan.
105 kg vazn toifasida Olimpiada chempioniga aylangan o'zbekistonlik og'ir atletikachi Ruslan Nurdinov ayni paytda o'z toifasida eng og'ir yuk ko'tarish bo'yicha Olimpiada rekodrdini ham yangilagan.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan Tojikiston bolg'a uloqtirish sportidan bir oltinni qo'lga kiritgan. Qirg'iziston og'ir atletika bo'yicha yagona medal - bronzani qo'lga kiritgan, ammo sportchida doping topilgani sababli undan medal olib qo'yilgan. Turkmanistonlik sportchilar ham hech qanday medalni qo'lga kirita olmadi.
Navbatdagi yozgi olimpiada o'yinlari 2020-yil Yaponiya poytaxti Tokioda bo'lib o'tadi. Rio olimpiadasining yopilish marosimida keyingi mezbonlikni Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe qabul qilib oldi.
Your browser doesn’t support HTML5