Qo'shma Shtatlarda nafratga asoslangan jinoyatlar soni oshib bormoqda, lekin rasmiy ma'lumotlarda buni ko'rmaysiz. Aksariyat hollarda ular haqiqatni aks ettirmaydi. Masalani o'rganib chiqqan mutaxassislar shunday xulosa qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Shu yilning mart oyida demokrat qonunchilar, senator Richard Blumental va kongressmen Don Beyer Federal Qidiruv Byurosining jinoyatlar haqida chuqur axborot beruvchi sistemasini yangilash uchun mablag' ajratishni ko'zlab, qonun loyihasi taklif qildi.
Senat Adliya qo'mitasiga ko'ra, Amerikada diniy nafratga asoslangan jinoyatlar haqida vaqtida xabar beruvchi tizim yaratish kerak.
Adliya vaziri Jeff Seshns deydiki, etnik, diniy va irqiy nafrat sabab sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurash yo'lida hukumat keskin choralar ko'ra boshlagan.
“Jabrlanuvchilar boradigan maxsus joy bo'lishi kerak. Ular o'z dardini ayta oladigan va chora ko'rishiga ishonadigan maskan", - deydi Jonatan Grinblatt, huquq himoyasi bo'yicha tanilgan ekspert.
Federal Qidiruv Byurosiga ko'ra, nafratga asoslangan jinoyat kimnidir irq, din, imkoniyati, jinsi va etnik kelib chiqishiga qarab nishonga olishdir.
2016-yilning noyabridan 2017-yilning martigacha AQShda 1863 ta shunday jinoyat amalga oshirilgan. Bu mustaqil tahlil markazi to'plagan ma'lumot.
2015-yilda bunday jinoyatlar soni, hukumatga ko'ra, 5850 ni tashkil etgan. Lekin qayta o'rganib chiqilganida Adliya vazirligi bu raqamni 250 mingga ko'targan.
Tadqiqotchi Brayan Levin deydiki, muammo bunday jinoyatlarni alohida qayd etish majburiyat emasligidadir. Huquq himoyasi bilan mashg'ul tashkilotlar bu borada yangi tashabbus bilan chiqib, hukumatni yangi qarorlar qilishga undashi kerak.
Tennessi - nafratga asoslangan jinoyatlarni alohida ro'yxatga olish talab qilinadigan yagona shtat. U yerdagi 550 huquq-tartibot idorasi maxsus treninglardan o'tadi.
Har bir holat haqida keng ma'lumot tarqatiladi va kelajakda bunday jinoyatlarning oldini olish uchun nima qilmoq zarur, deya muhokamaga qo'yiladi.
2015-yilda AQShda 15 ming muassasa bu borada axborot yig'ish jarayonida ishtirok etgan. Lekin bu dengizdan tomchi, deydi tahlilchilar, mamlakatning aksariyat qismida jinoyatlar qayd etilganida, ular nafratga qanchalik asoslangani o'rganilmaydi. O'rganilsa ham alohida qayd etilmaydi. Jinoyatmi jinoyat, gap jinoyatchining javobgarlikka tutilganida, deydi mutasaddilar.