Amerikaning inson qiyofasidagi roboti samoda

  • Amerika Ovozi
NASA, AQSh Fazo agentligi, inson qiyofasidagi robotni samoga, Xalqaro Fazo Stansiyasiga jo’natdi. Samoviy tadqiqotlar kelajagini tasvirlovchi animatsion film … Gumanoid robotlar inson bilan bir qatorda turib ishlamoqda.


NASA olimlarining aytishicha, ushbu proyekt amalga oshdi hisob.

Tanishing – Robonavt-2. Xalqaro Fazo Stansiyasiga yuborilgan ilk mashina.

Robonavt-2 ga qisqacha R2 deb nom berishgan. Sensor va boshqaruv sistemalari o’tgan yildan beri sinovdan o’tkazilyapti. Mutaxassislar va kosmik stansiyadagi astronavtlar R2 ning har bir qismini obdon tekshirishdi. Ekipaj safiga maxsus dastyor qo’shiladigan ko’rinadi.

Hozirgacha bunday mashinalardan to’rttasi yaratilgan bo’lsa, bittasi samoda. O’tgan yili Smitson muzeyida nusxalardan biri ommaga namoyish etilgan edi.

Robonavtlar loyihalashtirilayotganda insoniy muomala hisobga olingan, deydi muhandislar.

“Bir-birimizga to’qnashib-turtishib ketganda ham tabiiy tuyulishi kerak”,- deydi Ron Diftler, loyiha rahbari.

NASA, AQsh fazo agentligi izlanishlarni davom ettirmoqda

Robotni NASA va General Motors hamkorlikda yaratishgan. Funksiyalarni o’zi, mustaqil ravishda bajara oladi. Yoki birov uni boshqarishi ham mumkin.

"Shlemni boshga kiyib, o’ng va chap ekranga qaraysiz. Har birida alohida kamera. Robot ko’rayotgan narsani men ham ko’raman",- deydi Mayk Goza, muhandis.

Sensorlar va shlem orqali robonavt muhandisning barcha xatti-harakatlarini takrorlaydi.

"Kattagina bir qo’g’irchoqqa aylanadi qoladi",- deydi Goza.

Mashinaning qo’llari ham odamnikidek. Mahkam ushlaydi, narsani iladi. Bu juda muhim, chunki fazoviy kemalarning qismlari va ularni sozlash uchun ishlatiladigan asboblar odam qo’liga moslashtirib yasalgan.

Eng muhimi, remont-sozlash ishlari robotga topshirilsa, astronavtlar xavfli muhitda kamroq vaqt sarflaydi.

"Koinotda vaqt cheklangan. Umidimiz shuki, astronavtlar uxlab yotganida, robotlar kemadan chiqib, ta’mirtalab zonalarni belgilab, tayyorlab qo’yadi. Ya’ni, ishni tezroq bitirish mumkin",- Mayk Goza, muhandis.

Robonavtning yana bir vazifasi kema ichidagi yumushlarni bajarish bo’ladi.

NASA fazoga ilgari ham robotlarni yuborgan. Marsga sayohat qilgan Rover mashinalarni bir eslang, deydi Valeriya Nil, kosmonavtika muzeyi xodimasi.

Robotlar barcha ekspeditsiya va missiyalarda doimo bizga hamroh bo’lgan. Lekin odamga o’xshab harakat qiladigani, shu qiyofada yaratilgani bo’lmagan. Loyiha shunisi bilan hammani hayratda qoldirdi.

Robonavtlar bir kun kelib missiyaga tayyor bo’ladi. Hozircha esa olimlar bu temir astronavtlar nimaga qodir ekanini o’rganish bilan band.

Your browser doesn’t support HTML5

Robot fazogir/ Robonaut - Space Station