Myanmadan qochgan roxinjaliklar musson xavfi ostida

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar bo’yicha idorasiga ko’ra, Myanmadan qochib lagerlarda joylashgan roxinjaliklar yog’ingarchilik mavsumi yaqinlashayotgani bois qiyin ahvolda qolmoqda. Agentlik vakiliga ko’ra, Myanma hukumati qochqinlar xavfsizligini ta’minlamagani bois ular uylariga qaytolmayapti.

BMT hisobiga ko’ra, 100 mingdan ziyod roxinjalik qochqin toshqin va yer ko’chish zonalariga yaqin joylarda jon saqlamoqda. Ularni zudlik bilan bu hududlardan ko’chirish kerakligi aytilmoqda.

“Vaqtga qarshi poyga bizning foydamizga emas hozir. Mart oyida mussonlar mavsumi boshlanadi”, - deydi BMTning Qochqinlar bo’yicha Oliy komissari Filippo Grandi.

Myanma hukumati xalqaro bosim ostida qochqinlarning ayrimlariga qaytishga ruxsat berdi.

“Bu borada zarur tayyorgarliklar ko’rilib, qaytayotgan qochqinlarning birinchi guruhini qabul qilishga tayyormiz”, - dedi Myanmaning BMTdagi elchisi Xau Do Suan.

Biroq jurnalistlar Rakxayn shtatida ozchilikdagi musulmonlarga qarshi vahshiyliklar davom etayotganini oshkor qildi.

“Reyter” axborot agentligi muxbirlariga ko’ra, Inn Din qishlog’ida roxinjalik 10 erkak qatl etilgan. “Assoshieytid Press” Gu Dar Pyin qishlog’ida beshta ommaviy qabr topilgani haqida xabar tarqatdi”, - deydi BMTning siyosiy masalalar bo’yicha idorasi raisining o’rinbosari Miroslav Yenka.

Bu xabarlardan so’ng “Reyter” jurnalistlarini qamab qo’yishdi, voqeani xolis taftish qilmoqchi bo’lgan xalqaro tergovchilarni vahshiyliklar ro’y bergani aytilayotgan qishloqlarga qo’yishmayapti.