Roxinja xalqi yangi yildan tinchlik kutyapti

  • Amerika Ovozi

Myanmadan qo’shni Bangladeshga qochgan 750 mingdan ziyod roxinjalik hanuz qochqinlar lagerlarida yashamoqda, o’z uyiga qachon qaytishi noma’lum. 2018-yil bu elat vakillari uchun o’ta og’ir davr bo’ldi, 2019-yilda ularni nimalar kutmoqda?

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 27-dekabr, 2018-yil - Roxinja xalqi yangi yildan tinchlik kutyapti

Bangladeshning Koks-Bozor shahridagi qochqinlar lagerlarida kelajagi mavhum minglab roxinjaliklar yashamoqda. O’tgan oy qochqinlarni vataniga ixtiyoriy ravishda repatriatsiya qilish rejasi bekor qilindi – Myanma g’arbidagi Rakxayn shtatida qochqinlarning qaytishi uchun sharoit yaratilmagan, zo’ravonliklar xavfi hali ham mavjud, xalqaro kuzatuvchilar tomonidan nazorat mexanizmi yo’lga qo’yilmagan.

Bangladesh hukumati ayrim qochqinlarni Koks-Bozordan Bxasan Chor orolida qurilayotgan yangi lagerga ko’chirmoqchi, biroq u yerda yashashga sharoit yo’q, deydi inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti vakillari.

“BMTning Qochqinlar bo’yicha oliy komissariati xodimlari orolda toshqin ehtimolini o’rganmoqchi bo’lishganida ularni orolga qo’yishmadi. Mutaxassislarning aytishicha, u yerda sunami va boshqa tabiiy ofatlar ehtimoli yuqori, yashash uchun xavfli joy”, - deydi huquqshunos Jon Kvinli.

Uning aytishicha, roxinjaliklar lagerlarda ta’lim olishdan mahrum, bu esa kelajakda ularga jiddiy ma’naviy zarar yetkazadi.

“Roxinjaliklar yoshlar kelajagidan xavotirda”, - deydi Kvinli.

Roxinjaliklar o’z yurtiga, o’z qishloqlariga qaytishdan umidini uzgan. Myanma rasmiylariga ko’ra, ular tashlab chiqqan yerlar davlat tasarrufiga o’tadi. Roxinjaliklar yashagan 200 dan ziyod qishloq 2017-yil avgustidan beri ko’kka sovurilgan.

Roxinjalik taniqli huquqshunos Kyav Xla Auning aytishicha, yer egalari haqqini talab qilishi kerak.

“Odamlarda barcha hujjatlari bor qo’lida. Ichki ishlar vazirligining yer kadastri idorasida ham bu qayd etilgan. Xalqaro hamjamiyat Myanma hukumatidan qaydnomalarni ko’rsatishni talab qilishi kerak”, - deydi yurist.

Ayrim tahlilchilarga ko’ra, roxinjaliklarni kelgindilar deb bilib, ularga yillar davomida fuqarolik bermagan Myanma hukumati bu elatdan qutulmoqchi.

“Hukumat bizni savodsiz qilib, Bangladeshdan chiqqan noqonuniy muhojirlar deb ko’rsatmoqchi”, - deydi Kyav Xla Au.

Qochqinlar lagerlaridagi roxinjaliklarning yangi yil uchun birdan bir tilagi tinchlikdir.