Mitt Romni afro-amerikalik saylovchilar ko'nglini ovlamoqda

  • Amerika Ovozi
AQSh prezidentligiga respublikachi nomzod Mitt Romni kuni-kecha Texas shtatida bo’lib, Qora tanlilarni qo’llab-quvvatlash uyushmasi yig’inida so’zladi. Meni saylasangiz, iqtisodda ijobiy o’zgarishlar bo’ladi, ishsizlik kamayadi, deydi u.



Asosan, Barak Obama tarafdorlaridan iborat auditoriyada Romnining ushbu bayonotlari ishonchsizlik bilan qarshi olingan.

Ommaviy so’rovlardan bilamizki, saylovchilarni birinchi navbatda iqtisodiyot qiziqtiradi. Mitt Romni aynan shu mavzuga urg’u berdi.

“Mamlakatda biznes muhit yaxshilansa, barcha birdek foyda ko’radi. Imkoniyatlar ko’payadi, maoshlar oshadi, odamlar pul jamg’arishi osonlashadi”, - deydi u.

Ammo Romni sog’liqni saqlash islohotini bekor qilamiz, deyishi bilan o’tirganlarning fe’li aynidi.

“Davlat byudjetini qayta ko’rib chiqib, keraksiz, qimmat ijtimoiy dasturlarni yo’q qilamiz, jumladan, tibbiy sug’urtani”, - deydi respublikachi nomzod.

AQShning ilk qora tanli prezidenti tadbirda ishtirok etmagan bo’lsa-da, unga nisbatan munosabatni darrov sezsa bo’ladi. Afro-amerikaliklar azaldan demokratlarga ovoz berib kelgan.

Tibbiy islohotlar qonuniy ekanini yaqinda Oliy Sud tasdiqladi. Obama tarafdorlari deydiki, Mitt Romni bu loyihani tanqid qilishi o’rinsiz.

“Romni Massachusetsda gubernatorlik qilgan davrda, axir uning o’zi shunday sug’urta dasturi bilan chiqqan”, - deydi Jessi Xendi.

Amerikada taxminan 50 million fuqaro sug’urtasiz. Yangi qonun 2014-yildan boshlab ularni ham qoplashi kerak.

“Afro-amerikaliklar orasida bu programma ko’pchilikka ma’qul. Uni yo’q qilamiz deyish nimasi? O’rniga nima taklif etasiz?”, - deb so’raydi tadbir ishtirokchilaridan biri.

Prezidentlikka respublikachi nomzodning nutqida yaxshi gaplar ham bo’ldi, deydi Qora tanlilarni qo’llab-quvvatlash uyushmasi vakili Kevin Bedford. Masalan, Romni kichik bizneslarga madad ko’rsatamiz, ularni Xitoy raqobatidan himoya qilamiz, dedi.

“Amerikaning kichik tadbirkorlari ham global miqyosda ishlashni istaydi. Ularning ishi yurishsa, bu minglab ish o’rinlari degani, behisob imkoniyatlar degani. Faqat hukumatdan yordam kerak. Adolatsiz raqobatdan himoya kerak”, - deydi Bedford.

Mitt Romnining iqtisodiyotga oid takliflarini yoshlar diqqat bilan tingladi. 18 yoshli Kristina Xovz deydiki, bularning ichida pichoqqa ilinadigani yo’q.

“Pishiq siyosatchi ekani bilinib turibdi. Saylovchilarga yoqadigan gaplarni gapirdi, ammo amalda nima bo’ladi?”

Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, qora tanlilarning 90 foizi prezident Obamaga ovoz berishga shay. Saylovgacha hali bir necha oy bor. Raqib tomon ishsizlik va cho’zilib ketgan krisiz haqida bong urib, ularning bir qismini o’z tomoniga og’dirish harakatida.