Rossiya Markaziy Osiyoni Tolibondan himoya qila oladimi?

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston va Rossiya mudofaa vazirlari

Afg’onistondagi vaziyat va Tolibonning harbiy muvaffaqiyatlaridan xavotirga tushgan mintaqa davlatlari ikki kundan beri chegarada harbiy mashg’ulotlar o’tkazmoqda. Tojikiston, O’zbekiston va Rossiya askarlari qo’shma harakatlarini mashq qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 6-avgust, 2021-yil

Rossiya Tolibon bilan muloqotni davom ettirgan holda Markaziy Osiyodagi hamkorlari bilan mudofaani ham kuchaytirishga intilmoqda.

"Amerikaliklarning Afg’onistondan chiqayotgani ham yaxshi, ham yomon. Bu Rossiya uchun ham imkoniyat, ham muhim manfaatlari uchun jiddiy tahdiddir”, - deydi “Novaya Gazeta” tahlilchisi Pavel Felgenxauer.

Kreml Afg’onistondagi beqarorlik Markaziy Osiyoga ham tarqalishi mumkinligidan xavotirda.

Kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, mojaro o’n minglab qochqinlarni chegaradan o’tishga majbur qilishi mumkin va mintaqa davlatlari bunga tayyor emas. Avtokratik hukumatlar, qashshoqlik va korrupsiya hukm surayotgan hududda islomiy ekstremizmning tarqalish xavfi ham tashvishga molik.

"Ekstremizmni tanklar bilan mag’lub qilib bo’lmaydi. Tanklar Rossiyaning mintaqadagi siyosiy qudratini ko’rsatish uchungina turibdi. Afg’onistonda qanday Tolibon hokimiyatga kelayotgani ko’plarga qiziq”, - deydi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro siyosat instituti olimi Aleksey Malashenko.

Tojikistonda harbiy bazaga ega Rossiya kollektiv xavfsizlik haqidagi shartnomaga ko’ra zarur bo’lsa ittifoqchilarga yordam berishga tayyor.

Tolibon Rossiyada terrorchi tashkilot deb tan olingan.

1980-yillarda Sovet Ittifoqi tarkibida Afg’onistonda 10 yil urush qilgan Rossiya bu mamlakatga ortiq harbiy yurish qilmaydi deydiganlar bor. Ammo shu bilan bir paytda afg’on muammosiga ko’z yumish qimmatga tushishi mumkin, deydi bazilar.

“Bundan eng ko’p yutqazadigan Rossiyaning o’zi. Amerika Afg’onistondan chiqib, uni yomon tush kabi unutishi mumkin. Ammo Rossiya bunday qila olmaydi”, - deydi Felgenxauer.