Rossiya AQShning Afg'onistondan chiqishidan qanday foyda ko'rishi mumkin?

  • Amerika Ovozi

Vladimir Putin

Ayrim tahlilchilarning aytishicha, AQSh qo’shinlarining Afg’onistonni tark etishi ketidan Rossiya o’z foydasini ko’zlab, mintaqa siyosatida faol bo’lyapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 1-sentabr, 2021-yil

Tolibon harakati Rossiyada terrorchi tashkilot deb tan olingan bo’lsa-da, Kreml so’nggi yillarda guruh rahbarlari bilan bevosita muloqot qildi, hatto ularni Moskvaga taklif etdi.

“Vahimaga o’rin yo’q degan fikrdamiz. Eng muhimi oddiy aholi orasida keng ko’lamli qon to’kilishlarining oldi olindi. Afg’onistondagi barcha siyosiy kuchlarni tinch yo’l bilan kelishishga da’vat etamiz”, - deydi Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya.

Rossiya o’tgan asrning 80-yillarida Afg’onistonning Sovet istilosidan saboq olganini aytadi. Boshlanishida oson tuyulgan harbiy amaliyot salkam 10 yilga cho’zilib ketdi.

Bugun Moskva ancha pragmatik pozitsiya egallayotgan ko’rinadi.

“Rossiya Afg’onistonda hosil bo’lgan siyosiy vakuumdan unumli foydalanib qolmoqchi. Bu mamlakat elchixonasini yopmaydi. O’ylaymanki, Tolibonni birinchilardan tan oladigan ham Rossiya bo’ladi. Ammo bunga hali ancha bor deb o’ylayman”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika kengashi” tahlil markazidan Mark Simakovskiy.

Rossiya ekstremist musulmonlar va jangarilarning Markaziy Osiyoga o’tishidan xavotirda va buning oldini olishga harakat qiladi, Tolibonning bu mintaqaga giyohvand moddalar oqimini to’xtatishidan umidvor.

Simakovskiyning aytishicha, AQSh qo’shinlarining Afg’onistondan chiqarilishi Moskvaga targ’ibot qilish uchun yaxshi sovg’a bo’ldi.

“Afg’oniston Rossiya uchun xalqaro sahnada AQShni zaif qilib ko’rsatishga bir imkoniyatdir. Bu Rossiyaga uning Ukraina, Venesuela va boshqa mamlakatlardagi siyosatini yuritishda muhokamali mavzu va misol sifatida ham foyda keltiradi”, - deydi tahlilchi.

Amerikalik kuzatuvchilar nazarida, Moskva mintaqaviy ta’sirini oshirish maqsadida AQSh qo’shinlarining chiqishidan keyin hosil bo’lgan bo’shliqni to’ldirishga umid qilmoqda.