Rossiya-Belarus harbiy va siyosiy aloqalari - G'arb xavotiriga sabab

  • Amerika Ovozi

G’arb davlatlari tomonidan yakkalanib qolgan Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya bilan aloqalarni kuchaytirishga zo’r bermoqda. So’nggi paytda ikki davlat bir necha bor qo’shma harbiy mashqlar o’tkazdi. Oxirgisi “G’arb-2021” deb nomlangan bo’lib, Rossiya va Belarusning qo’shma harbiy salohiyatini charxlashga qaratildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 5-oktabr, 2021-yil

“Bosqinchilarni qaytarish, Rossiya-Belarus ittifoqi hududiga G’arb tomondan kelayotgan tajovuzga barham berish kabilarni mashq qilyapmiz”, - dedi Belarus Davlat xavfsizlik kengashi kotibi Aleksandr Volfovich.

Belarus va Rossiya NATOni o’ziga tahdid deb biladi. G’arb mamlakatlari bu ikki davlat ittifoqidan xavotirga tushmoqda.

“Harbiy va siyosiy hamkorlik chuqurlashmoqda. NATO Rossiyaning Belarus hududidagi harbiy faoliyatidan tashvishda”, - deydi Rossiya Xalqaro aloqalar kengashi direktori Andrey Kortunov.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya mazkur harbiy mashg’ulotlar orqali Belarusni o’z ta’sir doirasiga chuqurroq tortmoqda, Rossiyaning harbiy salohiyati cheklangan belarus rejimiga yordam berishga tayyor ekanini ko’rsatmoqda.

“Belarus armiyasi oz sonli va o’ta zaifdir, harbiy byudjet Estoniyanikidan ikki baravar kam”, - deydi rossiyalik harbiy tahlilchi Pavel Felgenxauer.

Siyosiy raqiblarini ta’qib etgani uchun G’arb sanksiyalariga uchragan va yakkalangan Aleksandr Lukashenko Rossiyaga sig’inishga majbur. Belarus muxolifati Kremlning bunday siyosatini qoralamoqda.

“Rossiya Lukashenko rejimini yillar davomida moliyalab kelgan va xalqaro sahnada barcha mavjud diplomatik yo’llar bilan bu rejimni himoyalab kelmoqda. Ikki mamlakat xavfsizlik idoralari yaqindan hamkorlik qilib keladi”, - deydi Roman ismli muxolifatchi faol.

O’tgan yilgi saylovlar ketidan avj olgan ko’p sonli namoyishlardan asar ham qolmadi. Hukumat qatag’onlari oqibatida muxolifat yetakchilari surgun etildi yoki qamaldi.