Rossiyaga "breksit"dan nima foyda?

  • Amerika Ovozi

G'arbdagi ba'zi kuzatuvchilarga ko'ra, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishidan avvalambor Rossiya manfaatdor. Britaniyaning bu qarori, Kreml nazarida, tashkilotning Rossiyaga qarshi qat'iyligini zafilashtiradi, deydi ular. Referendum 23-iyunga belgilangan.

Britaniyaliklarning bu borada fikri bo'lingan, biroq rossiyaliklar "Breksit" deb atalayotgan bu jarayonni qo'llab-quvvatlamoqda.

"Angliya o'ziga xosligi bilan ajralib turadi, uning Yevropa Ittifoqiga ehtiyoji yo'q. Uning siyosati ittifoqqa a'zo davlatlarnikidan farq qiladi. Yevropa Ittifoqisiz ham ishlari yurishaveradi", - deydi moskvalik radio boshlovchi Marina Karpova.

Referendum natijasidan qat'i nazar, deydi Kreml, Britaniya Rossiyani zaiflashtirish harakatidan qolmaydi.

"Angliya Yevropa Ittifoqini rasman tark etsa-da, tashkilot bilan aloqasi kuchliligicha qoladi va Rossiyaga qarshi harakatlarini davom ettiradi", - deydi menejer Nadejda Stepanova.

Ba'zi kuzatuvchilarga ko'ra, Kreml ittifoqqa qarshi kayfiyatni avj oldirib, Yevropada Rossiyaga xayrixoh siyosatchilardan foydalanmoqda.

“Kremlga Rossiyaning ayrim rejalariga ko'z yumadigan siyosatchilar kerak, masalan, uning sobiq sovet hududlarida integratsion siyosati nazarda tutilmoqda”, - deydi Moskvadagi Karnegi markazidan Aleksandr Baunov.

Vengriyalik tahlilchi Peter Krekoning aytishicha, "breksit" amalga oshsa, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi eng kuchli a'zosidan ayriladi.

“Bu Yevropa Ittifoqini parchalashga va beqarorlashtirishga qaratilgan harakat", - deydi u.

Ba'zi tahlilchilar nazarida ittifoq Britaniyasiz Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarni yumshatishi, bu esa o'z navbatida Putinning ishtahasini yanada ochib yuborishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiyaga "breksit"dan nima foyda?