Rossiya Britaniya harbiy kemasini chegarani buzganlikda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Britaniyaning "Destroyer" esminetsi Odessa portida

Rossiya hukumati Britaniyaga qarashli jangovar kema uning hududiga 3 kilometr ichkariga noqonuniy kirganini da’vo qilarkan, Mudofaa vazirligi Britaniya elchixonasining mudofaa attashesini chaqirtirib, kema ekipaji harakatlarini tergov qilishga da’vat etdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 24-iyun, 2021-yil

London “Defender” deb nomlanuvchi esminets kemasi xalqaro dengiz korridori orqali o’tganini, hudud Ukrainaga qarashli ekanini bildirmoqda.

Rossiya kemani ortga qaytarish uchun o’z kemasi va harbiy samolyotlaridan ogohlantiruvchi o’q otganini ma’lum qilgan, ammo Britaniya bunday bo’lmaganini da’vo qilmoqda.

Bunga javoban Rossiya Mudofaa vazirligi britan kemasining quvilayotgani tasvirga tushirilgan videoni chop etdi.

London nazarida, otishma harbiy mashg’ulotlarning bir qismi bo’lgan va britan kemasiga qaratilmagan edi.

“Destroyer” esminetsi shu hafta Ukrainaning Odessa portida bo’lib, bu mamlakat harbiy-dengiz flotini zamonaviylashtirish haqida bitim imzolandi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi britan elchisi Debora Bronnertni chaqirtirib, unga norozilik notasini topshirgan.

Hodisa Qora dengizda sodir bo’lgan. Rossiya u orqali O’rta dengizga o’tib turadi va Qrim atrofidagi suvlarni ham o’ziniki deb biladi. Rossiya 2014-yilda yarimorolni o’ziga qo’shib olgani bilan xalqaro hamjamiyat uni hanuz Ukraina hududi deb biladi.

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson kema xalqaro qonundan chetga chiqmaganini aytdi.

Kreml Britaniyaning bunday harakatlarini, ayniqsa SSSRda Ulug’ Vatan urushi boshlangan kunda bunday bo’lganini provokatsiya deb atab, kelajakda qattiq chora ko’rilishi haqida ogohlantirdi.

Buyuk Britaniya armiyasi sobiq qo’mondoni lord Richard Dannatt Qora dengizdagi hodisani Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning G’arb irodasini sinashga qaratilgan urinishi deya baholamoqda.

"Biz ma’lum hududlarda bo’lishga haqlimiz va kerak bo’lsa, u yerda bo’lamiz ham. Bizni sinamoqchi bo’lsangiz, marhamat, ammo bilingki, oldingidan kuchliroq qat’iyatga duch kelasiz”, - dedi sobiq qo’mondon.

Moskva Sovuq urushdan beri ilk bor NATO harbiy kemasi tomon haqiqiy o’q otganini tan oldi. Kuzatuvchilar Rossiya va G’arb o‘rtasidagi ziddiyatlar harbiy to’qnashuvga yetaklashi ehtimoli haqida ogohlantirmoqda.

Aprel oyida Rossiya Qrim atrofidagi dengiz hududlarini xorijiy kemalar uchun yopiq deb e’lon qildi.