Shimoliy Kavkazdagi to'qnashuvlarda 24 kishi o'lgan

  • Amerika Ovozi

Rossiya Chechenistonda bo'lginchi kuchlarga qarshi ikki marta urush olib bordi. Lekin jangari guruhlar hamon faol.

Checheniston va Dog’iston chegarasidagi janglarda 17 nafar zobit va yetti jangari halok bo'lgan. 24 askar yaralangan.

Prezident Dmitriy Medvedevga Shimoliy Kavkazdagi vaziyat yuzasidan hisobot bergan Ichki ishlar vaziri Rashid Nurgaliyev qo’shinlar pistirmaga duch kelganini aytgan. Ayrim manbalarga ko’ra, zobitlar bir emas, bir necha to’qnashuvda halok bo’lgan.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov juma kuni yetti jangari, jumladan ularning yetakchisi ham o’ldirildi deya ma'lum qilgan edi.

Checheniston

Rossiya Chechenistonda bo'lginchi kuchlarga qarshi ikki bor urush olib bordi. Birinchisi 1994-96 yillarda, ikkinchisi esa 1999-2000 yillarda. Isyonchilarga qarshi qonli kurash 2009-yilgacha davom etdi va bugun ham tinmagan.

Checheniston bugun ancha tiklangan, lekin Dog’iston va Ingushetiya bilan chegaradosh hududlar notinch. Jangari guruhlar ichki ishlar xodimlari va boshqa harbiylarga qarshi hujumlar uyushtirib turadi.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, ayb - hukumatda. Qattiqqo'l siyosat va tazyiq odamlarni jangarilikka undamoqda, deydi faollar.

2011-yil yanvar oyida Moskvaning Domodedovo aeroportida yuz bergan portlashda 37 odam nobud bo’lgan edi.

18-fevral kuni Rossiyaning yirik shaharlarida Bosh vazir Vladimir Putinning yuzlab tarafdorlari ko’chalarga chiqdi.

Sankt-Peterburg

Eng katta namoyish Putinning ona shahrida o’tgan. Sankt-Peterburgda 4-mart kuniga belgilangan prezidentlik saylovida Putinga ovoz beramiz degan 60 ming odam namoyishga chiqqan.

Nijniy Novgorod, Stavropol, Vladivostok va Volgogradda ham tadbirlar o’tkazilgan.

"Odamlar zo'rlab olib chiqilgan degan da'volar asossiz",- deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan Valentina Taran.

Yaqinlashayotgan saylovda Putin yutadi, chunki u eng kuchli dasturga ega, deydi yana bir fuqaro. Putindan boshqa hech kim Rossiyani boshqara olmaydi, deydi u.

Hukumatga qarshi namoyishlar ham tinmayapti, bugun ikki faol hibsga olingan. Yaqinda yirik shaharlarda, jumladan Sankt-Peterburgda ham Putinni qoralovchi chiqishlar bo'lgan edi. Muxolifat saylov oldidan keng ko'lamli mitinglar va piketlar rejalamoqda.