Rossiyada Kommunistik partiya o’z safiga yoshlarni jalb qilmoqda. Kommunistlar mamlakatda korrupsiya va iqtisodiy tengsizlik kuchayayotganidan xavotir bildirmoqda.
“Bugun bir guruh pionerlar Komsomolga qo’shildi. Bir necha yil oldin ularni pionerlikka qabul qilgan edik. Yaqinda partiyamizga 60 ming yoshlar qo’shildi. Tashkilotimiz gurkiramoqda”, - deydi partiya raisi Gennadiy Zyuganov.
Partiya 73 yashar rahbari kabi keksaymoqda.
“Kommunistik partiyani “nafaqaxo’rlar partiyasi” desak mubolag’a bo’lmaydi, ammo hozir katta o’zgarishlar bo’lyapti – keksa rahbarlar sahnani tark etmoqda”, - deydi kommunist artist Igor Petryugin-Rodionov.
Partiya turli usullar bilan yoshlarni o’z safiga jalb qilishga harakat qilmoqda, ammo hozirgi zamona yoshlariga kommunistik g’oyalarni o’tkazish oson emas.
"Kommunizm yaxshi yoki yomon bo’lgan deb bo’lmaydi. Kommunizmga endi qaytish mumkin emas, axir vaqtni orqaga surib bo’lmaydi”, - deydi Gena ismli bu talaba.
Korrupsiya va tengsizlik ba’zi yoshlarni siyosiy faollikka undamoqda, ammo barchasi ham kommunist bo’lishni istamaydi.
“Yoshlarning hammasi ham Sovet o’tmishini yaxshi tushunmaydi. Ammo sotsializm g’oyalari va ijtimoiy adolat tushunchasiga, Sovet tarixiga nisbatan ijobiy qarashlar ko’plab yoshlar orasida kuchaymoqda”, - deydi Moskva kengashi deputati, kommunist Andrey Klichkov.
Partiyani jonlantirish uchun rus kommunistlari 24 yilda ilk bor yangi rahbarni tanlashi kutilmoqda. Moskva meri lavozimiga nomzod Klichkov partiyaga yangi bosh kotib bo’lishi ham mumkin.
"Partiya rahbarini syezd saylaydi. 27-may kuni masala oydinlashadi”, - deydi u.
Partiya tepasiga kim kelishidan qat’i nazar kommunistlar hali beri jiddiy kuch bo’la olmaydi, hokimiyatni qo’lga ololmaydi, deydi ayrimlar. Ba’zi ichki masalalarda va aksariyat tashqi masalalarda kommunistlar Kreml siyosatini qo’llab-quvvatlab kelgan.