Kreml jamiyatda konservatizm g'oyalarini targ'ib qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Moskvadan bir necha soat narida yashovchi Andrey Kononov va uning oilasi karantindan oldin har yakshanba cherkovga ibodatga chiqishardi. Rossiyaning ko’plab boshqa nasroniy dindorlari kabi Kononov ham Kreml targ’ib qilayotgan konservatizm g’oyasini qo’llab-quvvatlaydi. Bu g’oya qadimiy pravoslav an’analari kabi g’arbcha qadriyatlarni inkor etadi.

“Odamlarning ma’naviyati tushib ketgan, buzg’unchi qadriyatlar normal holat sifatida ko’rilmoqda. G’arb jamiyatidagi muammo shundaki, yaxshilik va yomonlik o’rtasidagi chegara tobora xiralashmoqda”, - deydi Kononov.

Rohiba Yelena pravoslav nasroniylik diniga o’zini bag’ishlaganiga ancha bo’lgan. Sovet davrida diniy erkinlik bo’g’ilgan paytda ham u ikona rassomi sifatida cherkovga xizmat qilardi.

Uning aytishicha, Prezident Vladimir Putin rahbarligida Rossiyada dindor bo’lish osonlashdi.

“Rossiya pravoslav davlat hozir, prezidentimiz – pravoslav, cherkovga hurmati baland inson”, - deydi u.

Kreml yangi konstitutsiyada diniy konservativ qadriyatlarni muhrlamoqchi. Tuzatishlarda xudo tilga olinadi, oila erkak va ayol o’rtasidagi ittifoq ekani aytiladi.

Ba’zi kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, xalqning konstitutsion tuzatishlarga qiziqishi yoq’ligini ko’rgan Kreml ana shunday yo'l bilan uni qiziqtirmoqchi va Putin tarafdorlari negizini tashkil qilgan konservativ saylovchilar ko’nglini ovlamoqchi.

“Tuzatishlarga din aralashtirilgani ko’p odamlar noroziligiga sabab bo’lmoqda. Xudo deganda qaysi xudo nazarda tutilyapti – nasroniylar xudosimi, musulmonlar xudosimi yoki boshqa bir xudomi?” – deydi tahlilchi Boris Kagarlitskiy.

Rus Pravoslav cherkovi taklif etilayotgan konstitutsion tuzatishlarni olqishlarkan, G’arbda ayni jins vakillari o’rtasidagi nikohlarning qonuniylashishiga va LGBT vakillari huquqlarining kengayishiga xavotir bilan qarayotgan konservativ ko’pchilik manfaatlarini aks ettirishini aytadi.

“Rossiya aholisining aksariyati konservativ. Rossiyaliklar an’anaviy qadriyatlar tarafdori. Aksariyat odam uchun oila bu erkak va ayol o’rtasidagi ittifoq”, - deydi cherkov vakili Vladimir Romanovich.

Din ahlining bir qismi Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng 1990-yillarda qabul qilingan hamda dinni davlatdan ajratgan bosh qomusni yangilashga zarurat yo’q deb hisoblaydi.

“Xudo” so’zini konstitutsiyaga kiritganimiz bilan oddiy odamlar hayoti ijobiy tomonga qanday o’zgarib qolishini haligacha tushunmayapman. Bu xalqning ma’naviy rivojlanishiga yordam bermaydi”, - deydi Moskvadagi Sretenskiy monastiridan Andronik Pantak.

Referendum COVID-19 kasalligining tarqalishi sabab qoldirilgani bilan tuzatishlarning qabul qilinishiga hech kim shubha qilmaydi.