Xalqaro Olimpiya qo’mitasi rossiyalik sportchilarning Braziliyada kelasi oy boshlanadigan yozgi olimpiadada qatnashishini butunlay taqiqlash masalasini ko’rib chiqmoqda.
Dopingga qarshi xalqaro agentlik e’lon qilgan hisobotga ko’ra, Rossiya sportchilari 2014-yil Sochida o’tgan qishki olimpiada davomida hukumat yordami bilan doping qo’llagan. Agentlik mamlakatni yozgi olimpiadadan chetlatishni tavsiya qildi.
Bir necha sport turi bo’yicha rossiyaliklar allaqachon xalqaro musobaqalardan chetlatilgan.
Xalqaro Olimpiya qo’mitasi doping bo’yicha hisobot natijalarini yaqindan o’rganib, shunga asosan qaror qabul qilishini bildirdi. Bu masalada Rossiya Sport vazirligi yo’l qo’ygani aytilayotgan qonunbuzarliklar ham tekshiriladi.
“Qo’mita aybdor topilgan biror shaxs yoki tashkilotga eng og’ir jazo choralarini qo’llashdan toymaydi”, - dedi tashkilot rahbari Tomas Bax.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin dopingga qarshi agentlik xulosasiga shubha bilan qarashini aytdi.
“Rossiya sportchilariga qo’yilayotgan ayblovlar mojarolar chiqarib yurishi bilan tanilgan bitta odamning aytganiga asoslangan”, - deyiladi Rossiya rahbari nomidan e’lon qilingan bayonotda.
Putin, shuningdek, sportga siyosat aralashayotganidan shikoyat qildi.
“Aralashish shakllari o’zgardi, lekin natija bir xil: sportni geosiyosiy bosim quroliga aylantirish, davlat va xalq haqida salbiy taassurot shakllantirish”, - dedi u.
Dopingga qarshi xalqaro agentlik surishtiruvchisi Richard Maklarenning jurnalistlarga aytishicha, Moskvada dori qabul qilgan rossiyalik sportchilarni himoya qilish bilan shug’ullangan maxsus laboratoriya ishlagan va u davlat tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan.
Doping qabul qilinganini yashirish ishlari davlatga qarashli Sport tayyorgarligi markazi tomonidan boshqarilgan hamda sportchilar tekshiruvlarni qanday aldash bo’yicha maxsus ko’rsatmalar olgan.
Mashmasha shu yil boshida Rossiyaning Dopingga qarshi laboratoriyasi rahbari Grigoriy Rodchenkov “Nyu-York Tayms” nashriga o’nlab rus sportchilari rasmiylar qo’llab-quvvatlovi bilan Sochi olimpiadasi davrida doping qabul qilgani haqida intervyu berishi ortidan boshlandi.
Rodchenkov ayblovlari may oyida e'lon qilingandan so'ng Putin Dopingga qarshi xalqaro agentlik mustaqil tekshiruv o'tkazishini qo'llab-quvvatladi. Ammo oradan bir necha hafta o'tib barcha rossiyalik sportchilarga taqiq qo'yilishiga qarshi chiqib, bu dopingga aloqasi yo'q ko'plab sportchilarni ham nohaq jazolashi haqida ogohlantirdi.
Putin ayni paytda Rossiyaning dopingga qarshi qoidalarga va adolatli musobaqa tamoyillariga sodiq qolishini ta'kidlab o'tdi.