Rossiya gazni uzadi degan xavotirlar bois Yevropada gaz qimmatladi

  • Amerika Ovozi
Qrimda bo’layotgan voqealar sabab Yevropaga gaz ta’minoti uzilishi mumkin, degan xavotirlar qit’ada tabiiy gaz narxini ko’tarib yubordi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qrim mojarosi sabab Yevropada gaz qimmatlashdi/Shohruh Hamro


Londondagi muxbirimiz Genri Rijvellning hikoya qilishicha, energetik resurslar yuzasidan tortishuvlar bu region uchun yangilik emas, ammo rasmiylar bu safar Yevropa yaxshiroq tayyorgarlik ko’rganini aytadi.

Yevropa gazining taxminan 25 foizi Rossiyadan keladi. Ukraina o’rtada vositachi. Shuning uchun, deydi tadqiqotchi Saymon Pirani, har qanday mintaqaviy mojaro ehtimoli ta’minotga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir ko’rsatadi.

“So’nggi kunlarda gaz qimmatlashganiga sabab ham shu. Yaqin kelajakda bozorda bu mahsulot kamayadimi degan xavotir bor”.

Ukrainaning o’zi ham Rossiya gaziga tayanadi. “Gazprom” aprel oyidan boshlab bu davlat uchun narxlarni oshirishini bildirgan. Ukraina Rossiya oldida ikki milliard dollar qarzdor.

Yevropa Ittifoqi Kiyevga bu qarzdan qutulish uchun yordam ko’rsatmoqchi. Qit’ada gaz ta’minoti bo’yicha muammolar yuzaga kelishi kutilmayapti, deydi ittifoq rasmiylari.

“Qish bu yili uncha qattiq kelmadi. O’tgan yil bilan qiyoslaganda hozir a’zo davlatlar zaxirasida anchagina gaz g’amlab qo’yilgan”, - deydi Yevropaning energetika masalalari bo’yicha mas’ul rasmiysi Gunter Ottinger.

2006 va 2009-yillarda Rossiya gaz narxi ustida Ukraina bilan tortishib, ta’minotni uzgan. O’shanda qishda Yevropa gazgiz qolib, mahsulot qimmatlagan edi.

Bugungi kunda Yevropa tranzit uchun Ukrainaga mutlaq tayanmaydi. 2011-yilda ishga tushgan Shimoliy oqim quvuri orqali Rossiya eng katta mijozi Germaniyaga to’g’ridan-to’g’ri tabiiy gaz uzatyapti.

“2009-yilgi voqeadan keyin markaziy va sharqiy Yevropa davlatlarida energetika sohasida ancha ishlar amalga oshirildi, chunki odamlar tushundiki, Rossiya va Ukraina o’rtasidagi bahslar baribir ta’minot uzilishiga olib keladi”, - deydi tadqiqotchi Saymon Pirani.

Ukrainani aylanib o’tadigan loyihalardan yana biri Janubiy oqim deb ataladi. Qora dengiz ostidan o’tgan bu quvur 2015-yilda ishga tushadi va 2018-yilga borib Yevropa ehtiyojlarining yarmini qoplashi mumkin.

Ammo Qrimdagi voqealar sabab Moskva-Yevropa munosabatlari taranglashib bormoqda. Yarim orolga ruslar qo’shin tortgani haqidagi xabarlar ketidan Yevropa Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo’yishini ta’kidlagan.

Kreml bunga javoban ta’minotni uzib qo’yishi mumkinmi?

“Yo’q”, - deydi Pirani. “Gazprom tijoriy kompaniya, demak daromaddan voz kechmaydi. Yevropadagi mijozlarga mahsulotni sotishda davom etadi”.

Kuzatuvchilar fikriga ko’ra so’nggi voqealardan bir xulosa shuki, Yevropa muqobil energiya manbalarini topish va Rossiyaga kamroq tayanish uchun jadalroq harakat qilishi zarur.