Ukraina nizosida Rossiya zamonaviy armiyaga egaligi ayon bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Rossiya askarlari Simferopol yaqinida. Qrim. 27-mart 2014.

Ukraina chegarasi bo’ylab qariyb 40 ming Rossiya askari joylashtirilgani aytilmoqda. Ular Moskva buyrug’i bilan Ukrainaga bostirib kirishga tayyor.
G’arb taxminlariga ko’ra, Rossiya mudofaa vazirligi nazoratida 800 mingdan bir milliongacha askar bor. Ular jumlasiga strategik raketa qo’shinlari, havo kuchlari, havo mudofaasi, piyoda askarlar va dengiz floti kiradi. Spetsnaz kabi maxsus kuchlar Rossiya razvedkasiga qaraydi.

Amerika Tashqi siyosati kengashidagi Rossiya harbiy kuchlari bo’yicha mutaxassis Stiven Blank Rossiya, shuningdek, harbiylashgan (yarim-harbiy) kuchlarga ega, deydi.

“Boshqa qo’shinlar Ichki ishlar vazirligiga qaraydi. Shuningdek, FSB razvedka xizmati ham o’z qo’shinlariga ega. Chegara qo’shinlari hamda kazaklardan iborat harbiylashgan bo’limlar ham bor. Ya’ni qo’shinlar juda ko’p. Oddiy armiyada bir million askar bo’lsa, MVD, FSB, kazaklar kabi bo’limlarda yana bir necha yuz odam bor”.

Atlantika kengashidan Yan Bjezinzki Rossiya armiya modernizatsiyasiga katta mablag’ sarflayotganini aytadi.

“Kelasi 10 yil ichida 750 milliard dollar dengiz flotini yangilash, havo kuchlarini samolyotlarning beshinchi avlodi, ya’ni eng zamonaviylari bilan to’ldirish, havo raketalari mudofaa tizimining eng yangisini yaratishga sarflanadi. Rossiyada yangi raketalar sinovdan o’tkazilib, yangi ballistik raketalar imkoniyatlari doim kuchaytiriladi. Piyoda qo’shinlar ham modernizatsiya qilinmoqda”.

Bjezinski va boshqalar Rossiya armiyani zamonaviylashga 2008-yilgi Gruziya bilan besh kunlik urushdan keyin kirishganini aytadi. O’shanda Moskva o’z armiyasi ancha qoloq ekanini tushungan.

“Yodingizda bo’lsa, o’shanda mast rus askarlari orqada, frontdagi qo’shinlardan ancha qolib ketgani tasvirlangan rasmlar tarqagan edi. Rossiya gruzinlar ustidan g’alaba qozonishda qiynalgan, vaholanki gruzinlar mudofaa tizimi kuchli emas edi. Rossiyaliklar harbiy qobiliyati emas, balki son evaziga g’alabaga erishgan,” - deydi Bjezinski.

Ekpertlar so’zlariga ko’ra, hozirgi islohotlar maqsadlaridan biri – Sovet armiyasiga o’xshagan ommaviy kuchlar yaratish emas, balki kichik guruhlarga bo’lib, qo’shinlar tezkorligini oshirish va kichik nizolarga qarshi chiqa bilishni o’rgatish.

Britaniyaning Nizolarni o’rganish tadqiqotlar markazi rahbari Kir Jil deydiki, Gruziya urushi paytida rossiyaliklar uchun eng mushkuli turli qurollangan xizmatlar harakatlarini muvofiqlashtirish bo’ldi.

“Masalan, havo mudofaasini nazorat qiluvchilar piyoda askarlar bilan deyarli muloqot qilmagan. Buning oqibatida Gruziya urushi paytida havodagi rus samolyotlarni rossiyaliklar urib tushurgani kuzatildi,” - deydi Jil.

Yan Bjezinski deydiki, Rossiyaning Qrimdagi harbiy harakatlarida armiyadagi islohotlar samarasi yaqqol sezildi.

“Rossiya Qrimda 20-30 ming askarni butun yarim orol bo’ylab tarqatib yubordi. Ularning formasi ham joyida, harbiy uskunasi ham yaxshi ahvolda, tartib-intizom esa a’lo darajada. Bir-biri bilan muloqot qilishi katta taasurot qoldirdi. Olti yil oldingi urushga qaraganda Rossiya armiyasi hozir ancha kuchli”.

Stiven Blank ham bu fikrga qo’shiladi.

“Ijobiy o’zgarish shundaki, mudofaa qo’shinlarida intizom nihoyatda kuchli. Rossiya armiyasi qon to’kmay tezda hududni qo’lga kiritdi. Ukrainaga qarshi propaganda, ya’ni Qrim va sharqiy Ukrainada informatsion urush olib borilyapti. G’arbga qarshi qarata strategik joylarda yuqori malakali, tezkor zamonaviy kuchlar joylashtirildi. Bu NATO hamda Ukraina qo’shinlarini zaiflashtirish uchun qilindi”.

Blank deydiki, Rossiya rahbariyati “sovuq urush”ning tugashi Amerika maxsus kuchlari operatsiyasi mahsuli bo’lgani va Sovet Ittifoqini bitta ham o’q uzmay turib tugatishga qaratilganiga ishonadi. Rossiya ham Qrimda aynan shunday qildi, deydi Blank.