Rossiya Yevropaga yaqinlashayotgan Moldovani jazolamoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Ruminiya va Ukraina o’rtasida joylashgan Moldova Yevropaning eng qashshoq mamlakati sanaladi. Bu kichik davlat Yevropa Ittifoqiga qo’shilish ilinjida ekan, Rossiyaning keskin bosimlariga duchor bo’lmoqda.

Asrlar osha moldovanlar mahalliy vinolari bilan faxrlanib kelgan.

Yaqinda bu sobiq sovet respublikasi vino sifatini yaxshilab, uni xorijga ham ekport qila boshladi.

Ammo Rossiya kutilmaganda moldovan vinolari importiga taqiq qo’ydi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu ishga nima maqsadda qo’l urganini yashirib o’tirmadi.

“Moldova vinolarini qayerda sotadi? Ishonchim komilki, Fransiya ularning o’z chegarasi ichida sotilishiga aslo yo’l qo’ymaydi. Italiyada ham buning imkoni yo’q. Urinib ko’rishsinchi, nima bo’larkan”, - deydi Rossiya davlat rahbari.

Nega Putin bunchalar darg’azab?

Sobiq Sovet Ittifoqi a’zolari bo’lgan Moldova, Ukraina va Gruziya Kreml boshchiligidagi Bojxona ittifoqiga qo’shilishni istamayapti. Ularning barchasi yaqinda Yevropa Ittifoqi bilan qo’shiluv bitimlarini imzolaydi.

Kreml va Bryussel hozir Sharqiy Yevropaning katta qismi ustida talashyapti. Bu ayniqsa Moldova misolida yaqqol namoyon bo’lmoqda.

Moldovaning Kommunist partiyasi yaqinda Yevropa Ittifoqiga moyil siyosatidan voz kechib, Moskva mavqeini yoqlashga o’tdi. Partiyaning 25 yoshli a’zosi Andrey Rossiya bilan yaqin bo’lish afzalroq deydi.

“Biz noto’g’ri yo’ldan ketyapmiz. Biz Sharqqa qarab, Rossiya, Belarus va Qozog’iston bilan Bojxona ittifoqiga qo’shilish yo’lidan yurishimiz kerak”, - deydi u.

Ayni paytda Rossiya Bosh vaziri o’rinbosari Dmitriy Rogozin Moldovani qishda gaz ta’minotidan uzib qo’yish va moldovalik migrant ishchilarni Rossiyadan haydash bilan tahdid solmoqda.

“Migrant ishchilaringizning aksariyati Rossiyada ishlayotgan bo’lsa, ular endi qayoqqa boradi?”, - deydi Rossiya rasmiysi.

Agar Moldova Yevropaga qarab siljisa, rus askarlari qo’riqlovchi Pridnestrovye o’lkasidan butunlay umidini uzishi mumkin, deydi Rogozin.

1990-yilda Moldovadan ajrab chiqqan bu kichik davlatda yashovchi Ernest Vardenyan Moldova va Ukrainaga nisbatan Kreml bosimi oshib borayotganini aytadi.

“Amerika ovozi” Moldova Bosh vaziri Yuriye Lyankedan shu haqda so’radi.

“Ichki va tashqi siyosatimizdagi asosiy maqsadimiz Yevropaga qo’shilish”, - deydi Moldova rasmiysi.

Uning aytishicha, G’arbga yaqinlashishdan foyda ko’p.

“Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo zonasiga ega bo’sak, buning ijobiy ta’siri katta bo’lishini yaxshi bilamiz. Bojxona ittifoqida esa bunday bo’lishi shubhali. Yevropaning 500 millionli odam va katta xarid quvvatiga ega bozor ekanini esdan chiqarmaylik. Bojxona ittifoqi esa ancha kichik”, - deydi Lyanke.

Rasmiyning aytishicha, bundan ikki yil muqaddam Moldovaga tashrif buyurgan AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden ham Yevropa ittifoqiga qo’shilish harakatlarini olqishlagan.

Hozir Yevropa Ittifoqi idoralarida 28 a’zo davlatning bayrog’i hilpirab turibdi. Keyingi oy Litvada bo’lib o’tadigan navbatdagi yig’inda uch sobiq sovet republikasining a’zolik masalasi ko’rib chiqiladi.