Rossiya bo'yicha maxsus tergovchining ayblov xulosalari nimani anglatadi?

  • Amerika Ovozi

Maxsus tergovchi Robert Myuller (o'ngda)

Maxsus tergovchi Robert Myuller rossiyalik 13 shaxs va ikki kompaniyani ijtimoiy sahifalarda ommaviy trolling kampaniyasi orqali Amerikada prezident saylovlariga aralashganlikda ayblab chiqdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya bo'yicha maxsus tergovchining ayblov xulosalari nimani anglatadi?

“Ayblanuvchilar nomzodlar va siyosiy tizimga nisbatan ishonchsizlikni uyg’otish maqsadida AQShga qarshi axborot xurujida ayblanmoqda”, - deydi adliya vazirining o’rinbosari Rod Rozenstayn.

Prezident Trampning “Twitter”da aytishicha, agar Rossiyaning maqsadi AQShda nizo va beqarorlik chiqarish bo’lsa, u holda Kongressdagi ko’plab tinglovlar, tergovlar, partiyalararo nafratdan Rossiya o’z maqsadiga erishganini ko’rsa bo’ladi. “Moskvadagilar ustimizdan kulishyapti. Aqlliroq bo’lishimiz kerak”, dedi Tramp.

“Demokratlar va matbuotimiz nizo urug’ini sochishda Rossiyadan ko’ra ko’proq shijoat ko’rsatmoqda”, - deydi Oq uy matbuot kotibining o’rinbosari Xogan Gidli.

Tramp o’zidan oldingi prezidentni tanqid qildi. “Obama ruslar tahdidi haqida bilgan bo’lsa, nega chora ko’rmadi? Tramp saylov shtabining Rossiya bilan til biriktirgani uydirma”, dedi AQSh rahbari.

Demokratlar bo’sh kelmayapti. Senator Richard Blumentalning aytishicha, tergov hali yakunlangani yo’q.

“Tramp shtabiga qarshi ayblov ham chiqib qolishi mumkin”, - deydi senator.

“Myuller qaysi qonunlar buzilganini, kimlar buning uchun qamalishini aniqlashi kerak”, - deydi yana bir demokrat qonunchi Adam Shiff.

O’tgan yil mayida boshlangan tergov hali-beri tugamaydiganga o’xshaydi.

“Ruslar Tramp saylov shtabiga yordam berdimi? Saylov kampaniyasini moliyalash haqidagi qaysi qonunlar buzildi? Saylovlarimizga xorijiy aralashuvni man qiluvchi qonunlarimiz buzildimi? Bu ishga AQSh fuqarolari aralashganmi? Tergov davomida yolg’on bayonotlar, ko’rsatmalar berilganmi? Ana shularni aniqlash kerak”, - deydi kongressmen Shiff.

Rossiya hukumati Myullerning ayblov xulosasini jiddiy qabul qilmadi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uni safsata deb atadi.